Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Oziq-ovqat tarmoqlari bo‘yicha takliflar taqdimot qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining mo‘l va arzon bo‘lishini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Fermer va tadbirkorlarga yaratilgan imkoniyatlar natijasida mahsulot yetishtirish hajmi oshmoqda. 

Xususan, 2022-yilda chorvachilikda 1 ming 400 ta loyiha amalga oshirilib, qoramollar soni 14 million, qo‘y-echkilar soni 24 million boshga yetgan. Parrandachilik xo‘jaliklari soni 1 ming 300 tani tashkil etib, tuxum yetishtirish 4 foiz, go‘shtda 28 foiz oshgan. Baliqchilik yo‘nalishida 290 ta loyiha amalga oshirilib, 502 ming tonna tansiq go‘sht yetishtirilgan. 27 ming tonna asal yetishtirildi. 

Shu bilan birga, bu tarmoqlarda ozuqa va yer yetishmasligi, aylanma mablag‘lar bilan bog‘liq bir qancha muammolar bor. Shu bois soha vakillarining fikrlari o‘rganilib, takliflar ishlab chiqildi.

Yig‘ilishda mutasaddilar mazkur tarmoqlarda joriy yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar haqida axborot berdi.

Xususan, Xalqaro qishloq xo‘jaligi taraqqiyoti jamg‘armasining grant mablag‘lari hisobidan hududlarda sut yig‘ish markazlari tashkil etiladi. Ularga kamida 100 ta aholi xonadoni biriktirilib, kooperativ tizim yo‘lga qo‘yiladi. 

Klasterlar tomonidan 64 ta chorvachilik kompleksi barpo etiladi. Jahon bankining mablag‘lari jalb qilinib, chorva mollarini identifikatsiya qilish tadbirlari boshlanadi.

Parrandachidlik xo‘jaliklariga ozuqa va aylanma mablag‘lar uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 35 million dollar yo‘naltiriladi. Mazkur kreditlar samaradorligini “Parrandasanoat” uyushmasi kuzatib boradi. Naslli jo‘jalar importini qo‘llab-quvvatlash uchun subsiyadiya miqdori oshiriladi. 

Bularning natijasida parranda go‘shti yetishtirish hajmini yiliga 800 ming tonnaga yetkazish mo‘ljallanmoqda.

Baliqchilik uchun ham bir qator qo‘shimcha imkoniyatlar belgilanmoqda. Xususan, bundan buyon tabiiy suv havzalarini ijaraga berish onlayn auksion orqali bo‘ladi. Tarmoqda 241 ta, jumladan, krevetkani sanoat usulida yetishtirish loyihasi amalga oshiriladi. “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi doirasida baliqchilik loyihalari uchun 50 million so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratiladi. 

Bularning evaziga joriy yilda 850 ming tonna baliq yetishtirish mumkinligi qayd etildi. 

Davlatimiz rahbari tabiiy ko‘llar va daryolarda baliq ovlash bilan cheklanib qolmasdan, ularning bo‘yida mahalliy va xorijiy turistlarni jalb qiladigan ekoturizm maskanlari barpo etish zarurligini ta’kidladi.

Qishloq xo‘jaligi ekinlarini asalari bilan changlatish ko‘lamini oshirish vazifasi qo‘yildi. 50 ming gektar bog‘ va 200 ming gektar dala chetlarida asalari uyalarini joylashtirish, qo‘shimcha sharoitlar yaratib, aholini asalchilikka jalb etish choralari belgilandi.

Prezidentimiz bu tizimlarni takomillashtirish yuzasidan qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.



  ...