O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Shanxay hamkorlik tashkiloti Kotibiyatida mamlakatimizdagi konstitutsiyaviy islohotlarga bag‘ishlangan brifing uyushtirildi.
Tadbirda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi masʼullari, SHHT Kotibiyati rahbariyati, SHHT davlatlari elchilari va diplomatlari, hamda aʼzo davlatlarning doimiy vakillari ishtirok etdi.
Ishtirokchilarga O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohot, o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilayotgan Konstitutsiya to‘g‘risida batafsil axborot berildi.
Konstitutsiyaviy islohotda dunyoning deyarli barcha mamlakatlari, xususan SHHT davlatlari konstitutsiyalari atroflicha o‘rganilgani qayd etildi.
Mazkur jarayonda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash – davlatning oliy majburiyati sifatida muhrlab qo‘yilishi, loyihada “Inson-Jamiyat-Davlat” tamoyili bosh mezonga aylanib, inson huquqlari borasidagi normalar 3,5 baravarga, davlatning ijtimoiy majburiyatlariga doir normalar uch barobarga oshganligi, O‘zbekiston ijtimoiy davlat degan tamoyil konstitutsiyaviy tarzda belgilanayotganiga eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, yoshlar va taʼlimni, gender tenglikni, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, erkin axborot olish, ijtimoiy himoya va ekologik huquqlarni, sud tizimlari erkinligi va mustaqilligini taʼminlash, Parlament vakolatlarini yana-da kuchaytirish borasidagi yangi o‘zgarishlar alohida qayd etildi.