Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Prezidenti ayollarni bayram bilan tabrikladi



Xalqaro kongress markazida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, mamlakatimiz ayollariga tabrik yo‘lladi.

– Bugun har birimiz cheksiz minnatdorlik hissi bilan Yaratganning buyuk mo‘jizasi bo‘lgan ayol zotiga – mehribon onalarimiz, qadrli opa-singillarimiz, lobar qizlarimiz sha’niga eng go‘zal so‘zlarni aytishimiz tabiiydir. Biz sizlarni eng avvalo fidoyilik timsoli deb bilamiz. Mehridaryo qalbingiz, aql-zakovatingiz, sevgi va sadoqatingiz uchun sizlardan bir umr qarzdormiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Haqiqatan ham, barcha sohalarda xotin-qizlarning alohida o‘rni bor. Bugungi kunda ayollarimizning ulushi tibbiyotda – 77 foizni, ta’lim sohasida – 74 foizni, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida esa 46 foizni tashkil etmoqda. 2 ming nafarga yaqini davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilmoqda.

Agar 2017-yilda xotin-qizlarning boshqaruv sohasidagi ulushi 27 foiz bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda 33 foizga, siyosiy partiyalar safida 40 foizdan 47 foizga, tadbirkorlikda 21 foizdan 37 foizga yetgan.

Xalqimiz oldidagi munosib xizmatlari uchun ayollardan 17 nafari eng oliy mukofot – “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan. Xotin-qizlarimiz orasida 5 nafar akademik, oliy ta’lim muassasalarining o‘zida 700 nafardan ziyod fan doktori, qariyb 3 ming nafar fan nomzodi, shuningdek, faxriy unvonlarga sazovor bo‘lganlar bor.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning hayot va mehnat sharoitlarini yaxshilashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Shu maqsadda o‘tgan yili 872 mingdan ortiq xotin-qizlarning bandligi ta’minlangani, 250 mingdan ziyodi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlar va tadbirkorlikka o‘qitilgani qayd etildi.

O‘tgan yili 14 mingga yaqin ayolning uy-joy sharoiti yaxshilangan. “Ayollar daftari” doirasida salkam 642 ming nafar xotin-qizga amaliy yordam ko‘rsatilgan.

Prezident qizlarning sifatli ta’lim olishiga to‘xtalar ekan, jadid bobomiz Abdurauf Fitratning “Onalar – butun bashariyatning tarbiyachilaridir” degan so‘zlarini yodga oldi.

So‘nggi yillarda bu boradagi sharoitlar izchil kengaytirildi. Agar bundan 6 yil avval oliygohlarda 110 ming nafar xotin-qiz tahsil olgan bo‘lsa, hozirgi kunda bu raqam qariyb 500 ming nafarni tashkil etmoqda.

Yangi tartibga muvofiq, magistraturada o‘qiyotgan 10 mingdan ortiq talaba qizlarning kontrakt pullari davlat tomonidan to‘lab berildi. 65 mingdan ko‘proq talaba xotin-qizlarga foizsiz ta’lim krediti ajratildi. Ehtiyojmand oilalarda yashayotgan qariyb 2 ming nafar qizlar, shuningdek, mutaxassisligi bo‘yicha besh yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan 500 nafardan ortiq xotin-qizlar oliygohlarga alohida kvota asosida o‘qishga qabul qilindi.

– Qanday qonun va qarorlarni qabul qilmaylik, qanday islohotlarni hayotga joriy etmaylik, davlat rahbari sifatida mening ko‘z o‘ngimda avvalo munis onalarimiz, mehribon opa-singillarimiz siymosi, ularning dardu tashvishlari turadi. Siz, azizlarimning oila davrasida tinch-omon, sog‘-salomat, farovon va baxtli turmush kechirishingiz, jamiyat hayotida faol ishtirok etishingiz uchun xizmat qilishni men o‘zim uchun nafaqat asosiy vazifa, balki sharafli burch, deb bilaman. Chunki oila tayanchi, jamiyat ustuni bo‘lgan onalarimiz, ayollarimiz hayotdan rozi bo‘lsa, butun xalqimiz hayotdan rozi bo‘ladi. Xalq rozi bo‘lsa, Yaratganimiz ham bizdan rozi bo‘ladi, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 6 martdagi farmoniga muvofiq bir guruh xotin-qizlar yuksak unvon, orden va medallar bilan, Prezident qaroriga binoan esa 28 nafar qiz Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi. Tadbirda ana shu yuksak mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.

Mamlakatimizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan xotin-qizlar, turli vazirlik va idoralar xodimlari fayzli dasturxon atrofida bayramni nishonladi.

Shodiyonada chet ellik diplomat ayollar, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari ham ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari ularni ham samimiy tabrikladi.

Bayram tantanali konsert dasturi bilan yakunlandi.



  ...