Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Xitoyning Sindao shahridagi Xalqaro EKSPO markazida O‘zbekiston savdo pavilyoni ochildi



Joriy yil 17 fevral kuni Xitoyning Sindao shahrida (Shandun provinsiyasi) “Xitoy – SHHT namunaviy zonasi marvaridi” xalqaro EKSPO markazi hududida O‘zbekiston savdo pavilyonining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur majmuada O‘zbekiston bilan bir qatorda SHHTga aʼzo bo‘lgan boshqa davlatlarning savdo pavilyonlari ham joy olgan.

Ochilish marosimida Shandun provinsiyasi va Sindao shahri maʼmuriyati, ishbilarmon doiralari vakillari, Xitoy Tijorat vazirligining hududiy bo‘linmasi, Markaziy Osiyo mamlakatlarining Xitoydagi elchixonalari va OAV vakillari qatnashdilar.

O‘zbekiston savdo ko‘rgazmasi peshtaxtalaridan mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan eksportbop mahsulotlar joy olgan.

Xususan, meva sharbatlari, tabiiy asal, quritilgan mevalar, qandolat mahsulotlari, maʼdanli suvlar, zaʼfaron, to‘qimachilik va charm-sanoat mahsulotlari, kabel-o‘tkazgichlar, milliy hunarmandchilik mahsulotlari shular jumlasiga kiradi.

EKSPO markazida tashkil etilgan O‘zbekiston savdo pavilyonining maydoni 600 kvadrat metrni tashkil etadi. Milliy uslubda ishlangan pavilyon o‘rtasida qad ko‘targan Sohibqiron Amir Temur haykali, Registon ansamblidagi Mirzo Ulug‘bek madrasasi va Buxoroning Minorai kalon maketlari mehmonlarda alohida taassurot qoldirdi. Pavilyonning ichki devorlarida O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti, yurtimiz tarixi, madaniyati, turizm salohiyati hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorligi haqida hikoya qiluvchi axborotlar aks ettirilgan.

Sindao shahrida “Xitoy – SHHT” mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan pilot zonasi tashkil etish tashabbusi 2018 yil o‘tkazilgan SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining 18-sammitida Xitoy Raisi Si Szinpin tomonidan ilgari surilgan edi.

“Xitoy-SHHT namunaviy zonasi marvaridi” deb nomlangan EKSPO markazining umumiy maydoni 168 ming kvadrat metrni tashkil etadi. EKSPO markaz “Bir makon bir yo‘l” tashabbusi ishtirokchilari va SHHTga aʼzo davlatlar uchun to‘lovsiz ko‘rgazma namoyishiga, mahsulotlar savdosi, yirik anjumanlar va uchrashuvlarni o‘tkazishga imkon beradi.

Mazkur maydon O‘zbekistonning Xitoy va umuman SHHT davlatlari bilan savdo-iqtisodiy va logistika tizimlari hamkorligini yana-da rivojlantirish nuqtai nazaridan muhim amaliy ahamiyatga ega.

Maʼlumot tariqasida qayd etish joizki, Sindao shahri Osiyo-Yevropa transkontinental yo‘lagining sharqiy bandargohi, Xitoydagi dengizga tutash o‘n to‘rtta yirik shaharlardan biri hisoblanadi. Shuningdek, Sindao maqomi Sharqiy Xitoy hududidagi zamonaviy sanoat, tashqi savdo va sayyohlikka ega bo‘lgan yangi bandargoh shahar, deb ham ataladi.

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining Xitoydagi vakili Jamshid Sulaymonov:

- Sindao shahridagi «Shanxay hamkorlik tashkiloti namunaviy zonasida» ochilgan O‘zbekiston pavilyoni yurtimiz ishlab chiqaruvchilari va eksportyorlari uchun yangi imkoniyatlarni ochadi.

Rejaga ko‘ra, bu yerga yiliga bir necha milliondan ziyod odam tashrif buyuradi, ko‘rgazmadagi mahsulotlar bilan yaqindan tanishish va xarid qilish imkoniga ega bo‘ladi.

Elchixonamiz bilan birgalikda shu kabi savdo pavilyonlarini Xitoyning boshqa shaharlarida ham ochish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, hozirgi kunda mamlakatimiz mahsulotlari Xitoyning bir qator elektron platformalari orqali sotilmoqda.

Mazkur savdo pavilyoni ochilishi O‘zbekiston mahsulotlarining Xitoyda yana-da tanilishiga va eksport miqdorining oshishiga xizmat qiladi.

 «Suyfenxe Dinxon» savdo kompaniyasi direktori Ming Sin:

- Bizning kompaniya O‘zbekiston bilan yaqin hamkorlik munosabatlarini o‘rnatgan bo‘lib, mamlakatingizda ishlab chiqarilayotgan qandolat mahsulotlarining Xitoyga importi bilan shug‘illanib kelmoqda.

Bugun biz ushbu mahsulotlarni Xitoyning Sindao shahridagi Xalqaro EKSPO markazi hududida tashkil etilgan O‘zbekiston savdo pavilyoniga joylashtirib, mehmonlar va xaridor eʼtiboriga xavola etmoqdamiz.

Taʼkidlash joizki, O‘zbekiston qandolat mahsulotlari Xitoy bozorida o‘z o‘rnini topib, sifati bilan isteʼmolchilarning tobora ishonchini qozonib bormoqda.

Xitoyning “Alibaba.com” onlayn savdo kompaniyasi vakili Emi Li:

- O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari o‘z mahsulotlari bilan Xitoy bozorlariga faol kirib kelmoqda. Bizning onlayn savdo platformamizda ham ko‘plab shunday mahsulotlarni ko‘rish mumkin. Ular o‘z xaridorlarini topmoqda, savdo hajmi ham o‘sib bormoqda.

Bugun Sindaodagi EKSPO markazida O‘zbekiston savdo pavilyoni ochilish tadbirida qatnashib turganimdan xursandman. Bu yerda men yangi mahsulotlar bilan tanishdim. Bizning kompaniya O‘zbekiston bilan kelgusida ham yaqindan hamkorlik qilishga va o‘zbek mahsulotlarini Xitoyda targ‘ib qilishga tayyor.



  ...