Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

2023 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida



Bahor va tabiat uyg‘onishining timsoli, sharqona yangi yilning boshlanishi bo‘lgan Navro‘zi olamni baland ruh va katta shodiyona bilan nishonlash azal-azaldan el-yurtimiz uchun go‘zal an’ana hisoblanadi.

Xalqimizning ko‘p asrlik ezgu qadriyatlarini, uning orzu-intilishlarini o‘zida mujassam etgan ushbu qutlug‘ ayyom mustaqillik yillarida mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elatlarga mansub barcha vatandoshlarimiz uchun umumxalq bayramiga aylandi.

Navro‘zi olamning ruhi va falsafasida mujassam bo‘lgan yaxshilik va bag‘rikenglik, ahillik va hamjihatlik, atrof-muhitni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash kabi olijanob g‘oyalar Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tarixiy o‘zgarishlarning maqsad va mazmuniga to‘la hamohangdir.

Hozirgi kunda jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik, do‘stlik va birodarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, xalqimiz, avvalo, yosh avlodimiz qalbi va ongida Vatanimizning buguni va kelajagiga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirishda Navro‘z bayramining ahamiyati tobora ortib bormoqda.

El-yurtimiz yasharish va yangilanish, mehr-oqibat fasli sifatida e’zozlaydigan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xalqaro bayram deb e’tirof etilgan Navro‘zning ma’naviy hayotimizdagi ulkan o‘rni va ta’sirini inobatga olib, ushbu ayyomni milliy qadriyat va urf-odatlarimizga uyg‘un tarzda, har tomonlama munosib darajada nishonlash maqsadida:

1. 2023 yilgi Navro‘z umumxalq bayrami mamlakatimizda “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruh va yuksak saviyada nishonlansin.

2. Quyidagilar:

2023 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

2023 yilgi Navro‘z umumxalq bayramini nishonlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Tashkiliy qo‘mita 2023 yilgi Navro‘z umumxalq bayramini nishonlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi hamda ushbu ayyomning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda umumxalq sayillari shaklida keng nishonlanishini ta’minlasin.

3. Bayram tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratilsin:

Navro‘z ayyomiga xos yangilanish va bunyodkorlik ruhini, ona zaminga mehr va e’tibor, inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlikni ifoda etadigan, kishilarni bugungi tinch va farovon hayotni qadrlab, atrof-muhit hamda uning ne’matlarini asrab-avaylashga, ezgu orzu-maqsadlar bilan yashashga undaydigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish;

mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etish va inson qadrini ulug‘lash maqsadida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xalqimizning hayoti, dunyoqarashida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni Navro‘zning azaliy qadriyat va an’analari bilan muvofiq tarzda, ta’sirchan badiiy vositalar orqali aks ettirish;

obodlik va farovonlik ramzi bo‘lmish Navro‘z bayrami arafasida barcha shahar va qishloqlarda, ovul va mahallalarda umumxalq hasharlari, keng qamrovli obodonchilik va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish;

xalqimizga xos bo‘lgan mehr-muruvvat fazilatlarini davom ettirib, muhtaram nuroniylarimizni har tomonlama e’zozlash, “Mehribonlik”, “Muruvvat” va “Saxovat” uylarida yashayotgan kishilarga, yordam va ko‘makka muhtoj fuqarolarga beg‘araz yordam berish bilan bog‘liq xayriya tadbirlarini o‘tkazish;

yurtimizda millatlararo do‘stlik va fuqarolararo totuvlik muhitini mustahkamlash, shu maqsadda amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning amaliy natijalarini, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan turli millat va elatlar vakillari tomonidan Navro‘z umumxalq bayramini nishonlashga oid tadbirlarni tashkil etish va keng yoritish;

joylarda bo‘lib o‘tadigan sayillarga folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, dorbozlar va baxshilar, shuningdek, iste’dodli an’anaviy ijrochilar va estrada artistlarini jalb etish;

Navro‘z sayillarining dasturlarini tayyorlashda qadimiy urf-odatlarimiz va xalq o‘yinlari, madaniy merosimizning yorqin namunalari bo‘lgan kuy va qo‘shiqlar, o‘lan va laparlarga keng o‘rin berish;

bayram tadbirlari doirasida hunarmandchilik ko‘rgazmalari, milliy sport turlari bo‘yicha musobaqalar uyushtirish, kitob rastalari, ko‘chma savdo do‘konlarini tashkil qilish, ko‘klam taomlarini tayyorlash va ularning savdosini yo‘lga qo‘yish;

ommaviy axborot vositalarida Navro‘zning tarixi va mohiyatini, hududlarda, shuningdek, chet ellardagi vatandoshlarimiz davralarida bayramni nishonlash bo‘yicha shakllangan urf-odat va an’analarni keng yoritish.

4. Madaniyat va turizm vazirligi (O.A.Nazarbekov):

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi (M.M.Hojimatov), Yozuvchilar uyushmasi (S.S.Saidov) bilan birgalikda bir hafta muddatda Toshkent shahrida Navro‘z bayramiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan teatrlashtirilgan konsert tomoshasining dasturi va ssenariysini ishlab chiqsin;

mazkur konsert tomoshasini tajribali ssenarist va rejissyorlar, kompozitor va bastakorlar, baletmeysterlar, sahna rassomlari, iste’dodli yosh ijrochilar, folklor san’ati vakillarini jalb etgan holda yuqori badiiy saviyada tayyorlash choralarini ko‘rsin.

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bir hafta muddatda Navro‘z umumxalq sayillariga har tomonlama munosib tayyorgarlik ko‘rish va ularni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha hududiy chora-tadbirlar dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

6. Belgilab qo‘yilsinki, o‘tkaziladigan bayram tadbirlari bilan bog‘liq xarajatlar:

Toshkent shahrida – respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – tegishli mahalliy byudjetlar hamda joylardagi homiylik xayriyalari hisobidan qoplanadi.

7. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi O.Q.Abdurahmonov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                  Sh.MIRZIYOEV



  ...