Xitoyda chop etiladigan yetakchi «Jenmin Jibao» gazetasining internet sahifasida «O‘zbekistonda gender tengligi faol targ‘ib qilinmoqda» sarlavhali maqola chop etildi.
Unda qayd etilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev ayollarning huquq va manfaatlari har tomonlama himoya qilinishi, ularning jamiyatdagi o‘rni mustahkamlanishi, gender tengligi taʼminlanishi masalalarini mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab bergan.
Maqolada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan marosimda so‘zlagan nutqidan quyidagi iqtibos keltirilgan: «Xotin-qizlar va oila masalasi – bu nafaqat bugungi kunimiz, balki ertangi kelajagimizni ham belgilab beradigan hal qiluvchi omildir. Biz jonajon Vatanimizda Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etishni o‘z oldimizga buyuk maqsad qilib qo‘yganmiz. Bu ezgu va sharafli yo‘lda, eng avvalo, oilaning muqaddas qadriyatlariga va chin murabbiy bo‘lgan onalarimizning teran maʼnaviyatiga tayanamiz».
Maqolada taʼkidlanishicha, so‘nggi yillarda mamlakat gender tengligi masalasida sezilarli muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritgan. Mehnat sharoitlari, taʼlim va ayollar salomatligi yaxshilanmoqda. Bu vazifalarning barchasi Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida ham o‘z ifodasini topgan.
Shuningdek, maqolda bugungi kunda O‘zbekiston aholisining deyarli yarmini ayollar tashkil etishi, ular jamiyat hayotining turli sohalarida samarali faoliyat yuritishayotgani qayd etilgan. «Shunisi diqqatga sazovorki, respublikada ish bilan band aholining 45 foizini xotin-qizlar tashkil etadi», deb yozadi nashr.
O‘zbekiston Prezidenti tashabbuskorligidagi yangi gender siyosati sharofati bilan respublikada bir yarim ming nafardan ziyod ayol turli darajadagi rahbarlik lavozimlarida mehnat qilmoqda. Ularning mamlakat boshqaruvi tizimidagi ulushi taxminan 30 foizni tashkil etadi.
O‘zbekiston hukumati tarkibida ayollarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bilan bog‘liq masalalar Bosh vazir o‘rinbosari darajasida nazorat qilinadi. Yangi tashkil etilgan Xotin-qizlar va oila ishlari qo‘mitasining raisi bir vaqtning o‘zida Bosh vazirning o‘rinbosari hisoblanadi.
Bundan tashqari, ayol kishi rahbarlik qilayotgan O‘zbekiston Parlamenti Senatida Xotin-qizlar va gender tengligi masalalari bo‘yicha qo‘mita ham tashkil etilgan, deb yozadi «Jenmin jibao».