Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi Xitoyda keng nishonlandi



O‘zbekiston elchixonasida buyuk shoir, mutafakkir, "g‘azal mulkining sultoni" va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda Xitoy oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan, ushbu mamlakatda vaqtincha bo‘lib turgan vatandoshlar, elchixona xodimlari va ularning oila aʼzolari, shuningdek, Pekinda joylashgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) Kotibiyati vakillari ishtirok etdi.

Alisher Navoiy tavallud topgan kun nafaqat muhim tarixiy sana, balki tom maʼnodagi maʼnaviyat bayrami ekani taʼkidlandi.

Shoirning “Tilga eʼtibor - elga eʼtibor” degan dono o‘gitiga alohida eʼtibor qaratildi. Taʼkidlanganidek, O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat tili siyosati inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar bilan uzviy bog‘liqdir.

Yoshlar o‘rtasida Alisher Navoiy merosini chuqur o‘rganish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish, shuningdek, mobil ilovalar va elektron platformalardan foydalangan holda Alisher Navoiy asarlarining zamonaviy avlod uchun moslashtirilgan, tushunarli bo‘lgan ixcham versiyalarini yaratish muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Shu o‘rinda, Alisher Navoiy merosi bitmas-tuganmas maʼnaviy qadriyatlar manbai ekani, uni o‘rganish, asrab-avaylash va kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish har birimizning muqaddas burchimiz ekani aytib o‘tildi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning Shanxay shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Shanxay universitetida buyuk mutafakkir, shoir va o‘zbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiyga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi. Uchrashuvda mazkur oliy taʼlim muassasasida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar ishtirok etdi.

Tadbirda atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning boy merosi, uning nafaqat o‘zbek, balki jahon adabiyoti, milliy madaniyatimiz rivojida, xalqimizning adabiy-estetik dunyoqarashini shakllantirishdagi beqiyos o‘rni haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, ishtirokchilarga O‘zbekiston hukumati buyuk madaniyat va tarix arboblari merosini asrab-avaylash va ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratayotgani haqida maʼlumot berildi.

Tadbir yakunida Bosh konsulxona xodimlari va vatandosh talabalar universitet hududida o‘rnatilgan Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘ydilar.

Sardor Gasanov, hamyurtimiz:

- Alisher Navoiy tavalludi munosabati bilan vatandoshlarimiz bilan birgalikda O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasida to‘planganimizdan mamnunman. Buyuk shoir jahon adabiyoti va sheʼriyatiga ulkan hissa qo‘shgan. Uning asarlari orqali o‘zbek tili xalqaro miqyosda keng eʼtirof etildi. Uning ijodi butun dunyoda o‘rganiladi va yuqori baholanadi. Xususan, Xitoyning eng yirik shaharlaridan biri - Shanxayda Alisher Navoiy haykali o‘rnatildi.

Sevinch Safarova, universitet talabasi:

- Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi munosabati bilan O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasiga tashrif buyurdik. Tadbir davomida buyuk ajdodimizning hayoti va ijodi haqida suhbatlashib, u qoldirgan bebaho madaniy meros bugungi kunda ham yoshlar uchun dolzarb va ahamiyatli ekanligini taʼkidladik. Uning g‘azal va ruboiylarini tingladik. Alisher Navoiy shunchaki shoir emas, balki so‘z olamining haqiqiy sohibidir. Uning “Xamsa”si bizga va kelajak avlodlarga qoldirilgan bebaho xazina desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Sherali Tojimatov, ingliz tili fani o‘qituvchisi:

- Elchixonamizda tashkil etilgan madaniy kechada buyuk ajdodimiz, g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy hayoti va ijodini yana bir bor yodga oldik. Ko‘p yillardan buyon Xitoyda yashab, ishlab kelayotgan vatandosh sifatida aytishim mumkinki, hozirgi kunda xitoylik yoshlar orasida o‘zbek tilini o‘rganishga qiziqish ortib bormoqda. Ular maxsus mobil ilovalar va elektron dasturlar orqali buyuk shoir va yozuvchilarimiz asarlari bilan tanishmoqda.



  ...