
Mamlakatimiz elchixonasida O‘zbekistonning xalqaro tashabbuslari va O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarining istiqbollariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Xitoyning yetakchi tahlil markazlari, Shanxay hamkorlik tashkiloti kotibiyati, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida mamlakatimizda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida mamlakatimizni yanada rivojlantirish, xalq farovonligini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ma’lumot berildi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi va ShHT sammitida e’lon qilingan xalqaro tashabbuslariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, xitoylik ekspertlarga siyosiy muloqot va xavfsizlikdan tortib, keng qamrovli savdo-iqtisodiy hamkorlik va madaniy-gumanitar almashinuvlargacha bo‘lgan muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan barqaror rivojlanish dinamikasini namoyon etayotgan O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarining bugungi holati haqida ham ma’lumot berildi.
Ishtirokchilarga mamlakatimizning savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va sayyohlik salohiyatiga oid taqdimot taqdim etildi.
ShHT Bosh kotibi o‘rinbosari Piao Yanfan:
– Bugun bizga O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarining bugungi holati, ko‘p tomonlama platformalarda hamkorlikda amalga oshirilgan ishlarimiz natijasida erishilgan muvaffaqiyat va yutuqlar haqida ma’lumot berildi.
O‘zbekiston Prezidenti ShHT Tyanszin sammiti chog‘ida tashkilotimizga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni e’lon qildi. ShHT umumiy manfaatlarga ega bo‘lgan ushbu tashabbuslarni amalga oshirish uchun barcha sa’y-harakatlarini amalga oshirmoqda.
Pekin muloqoti Bosh kotibi Xan Xua:
“Bugungi davra suhbati ishtirokchilari Xitoy-O‘zbekiston munosabatlarining 2025-yildagi dinamikasi, ko‘p tomonlama platformalardagi hamkorlikning mohiyati, rahbarlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash darajasi haqida to‘liq ma’lumot olishga muvaffaq bo‘ldi.
Go‘zal O‘zbekistonga ikki marta tashrif buyurish va davlat qurilishidagi salmoqli yutuqlarga shaxsan guvoh bo‘lishning noyob imkoniyatiga ega bo‘ldim.” Ayniqsa, Xitoy tajribasidan kelib chiqqan holda yalpi ichki mahsulotning barqaror yuqori o‘sishi va qashshoqlikka qarshi ishonchli kurash olib borilayotgani katta taassurot qoldirdi.
“O‘zbekiston 2030” rivojlanish strategiyasi Xitoyning rivojlanish rejalari bilan muvaffaqiyatli uyg‘unlashmoqda. Kelgusida ikkala davlat ham uzluksiz tajriba almashish bilan cheklanib qolmay, qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning isbotlangan modelini yoyish orqali Markaziy Osiyo mintaqasi rivojiga muhim hissa qo‘shadi”.