
Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Xitoydagi vatandoshlar ishtirokida O'zbekiston mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan madaniy tadbir o'tkazildi.
"Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!" shiori ostida tashkil etilgan tadbirda Xitoy oliy o'quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalar, ushbu mamlakatda mehnat faoliyati bilan shug'ullanayotgan va vaqtincha bo'lib turgan vatandoshlar, Pekin shahridagi Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) kotibiyati vakillari va OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida O'zbekiston davlat madhiyasi yangradi.
Ishtirokchilar so'nggi yillarda O'zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar jarayoni va ularning mazmun-mohiyati bilan tanishtirildi.
O'zbekistonning yoshlar, xorijdagi vatandoshlarga oid davlat siyosati haqida ta'kidlandi hamda chet ellardagi yurtdoshlarimiz mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni yana-da chuqurlashtirish jarayonlarida faol ishtirok etishga chorlandi.
Xitoydagi diplomatik vakolatxonalarning asosiy vazifalaridan biri bu, albatta vatandoshlarning haq-huquqlarini himoya qilish, ularga har tomonlama ko'mak ko'rsatish ekanligi qayd etildi.
ShHT Bosh kotibi o'rinbosari Suxayl Xan so'zga chiqib Yangi O'zbekistonda olib borilayotgan islohotlar va yangilanishlarni yuqori baholab, mamlakatimiz tez suratlar bilan rivojlanib borayotganiga to'xtalib o'tdi. Davlatimiz tomonidan yoshlarni qo'llab-quvvatlash, xorijdagi vatandoshlarga qaratilayotgan e'tibor natijasida o'zbek yoshlarining dunyo miqyosida yuqori cho'qqilarni zabt etayotganini mamnuniyat bilan ta'kidladi.
Bu kabi tadbirlarni faol o'kazilishi vatandoshlarni birlashtirish ularni vataniga bo'lgan mehrini yanada o'sishiga turtki bo'lishini aytib o'tdi.
Tadbir doirasida vatandoshlar ishtirokida futbol musobaqasi o'tkazildi. Yurtdoshlarimiz turnirda faol ishtirok etib sovrinli o'rinlarni qo'lga kiritishdi. 1,2,3-o'rinni egallagan jamoalarga maxsus kubok va sovg'alar topshirildi.
Shuningdek, o'zbek madaniyati va turizm salohiyatini namoyish etish maqsadida mamlakatimizning qadimiy shaharlari va tarixiy obidalari haqidagi suratlar hamda milliy liboslarimizdan iborat ko'rgazma tashkil etildi. Ishtirokchilar o'zbek milliy taomlari va kuy-qo'shiqlaridan bahramand bo'lishdi.
Zang Xunyan, "Ipak yo'li" nashriyoti direktori:
– Mamlakatingiz elchixonasi tomonidan tashkil etilgan madaniy tadbirda ishtirok etganimdan juda mamnunman. Bu tadbir ikkala davlat uchun xam juda muhim. Tadbir davomida O'zbekiston madaniyati, an'anaviy o'zbek taomlari va milliy liboslari bilan tanishdik. Bayram kechasi ko'tarinki ruhda o'tdi. Biz haqiqiy o'zbekona mehmondo'stlikni his qildik.
O'zbekistonga bir necha bor tashrif buyurib, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Navoiy va Andijon kabi shaharlarda bo'lganman.
Umid qilamanki, kelajakda O'zbekistonga ko'proq xitoylik sayyohlar tashrif buyurib, mamlakatingiz boy tarixi va madaniyati bilan tanishish imkoniga ega bo'ladi. Bu esa xalqlarimizni bir-birlarini yaxshiroq bilishiga zamin yaratadi.
Chjan Szesyun, talaba:
– Bunday ajoyib madaniy tadbirda ishtirok etish menga katta zavq berdi.
Yurtingiz haqida ko'p eshitganman. Bugun esa bu yerda do'stona ruhda o'tgan tadbirda milliy taomlardan va kuy-qo'shiqlardan bahramand bo'ldim, futbol musobaqasida ishtirok etdim.
Ushbu xalqaro do'stona uchrashuv bizni nafaqat o'zbek madaniyati bilan tanishtirdi, balki Xitoy va O'zbekiston o'rtasida ko'prik bo'lib ham xizmat qildi. O'zbekistonlik yoshlar bilan suhbatlashib, o'zaro fikr almashdik. O'zbekistonlik yoshlarga o'qishlarida va kelgusi ishlarida omadlar tilayman.