Mamlakatimiz elchixonasi va Guanchjoudagi Bosh konsulxonasi tomonidan Xitoyning Fuszyan provinsiyasida "O'zbekiston hududlari – Fuszyan provinsiyasi: investitsiya, savdo va turizm hamkorligi" mavzusida biznes-forum tashkil etildi.
O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi hududlararo hamkorlikni yana-da kengaytirish maqsadida tashkil etilgan tadbirda Fuszyan provinsiyasining vazirlik va idoralari, savdo-sanoat uyushmalari, ishlab chiqarish va sayyohlik kompaniyalari rahbarlari, ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.
Taqdimot davomida O'zbekistonning iqtisodiy salohiyati, xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, jumladan, erkin iqtisodiy va sanoat zonalari, ulardagi mavjud soliq, bojxona va boshqa turdagi imtiyozlar hamda yangi istiqbolli investitsion loyihalar yuzasidan batafsil ma'lumot berildi.
Ishtirokchilar bilan O'zbekistonda biznes yuritishning afzalliklari to'g'risida fikr almashildi. Xitoy tomonini qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Provinsiya tijorat departamenti rahbari o'rinbosari Se Szinshi o'z nutqida, O'zbekiston 2024-yilda Fuszyanning Markaziy Osiyodagi eng asosiy iqtisodiy hamkoriga aylanganiga urg'u berib, hududdagi kompaniyalar mamlakatimiz bilan investitsiyalar va savdo aloqalarini rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini ta'kidladi.
Tadbirda mamlakatimizning savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va turizm salohiyatiga doir videoroliklar namoyish etildi.