Mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Davlat bayrog'i qabul qilinganligining 33 yilligiga bag'ishlangan bayram tadbiri o'tkazildi.
"Bayrog'imiz, g'urur va faxrimiz timsolidir" shiori ostida tashkil etilgan tadbirda Xitoy oliy o'quv yurtlarida tahsil olayotgan o'zbekistonlik talabalar va ushbu mamlakatda mehnat faoliyati bilan shug'ullanayotgan vatandoshlar hamda ayni vaqtda Pekin shahrida xizmat safarida bo'lib turgan O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi delegatsiyasi ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilariga "O'zbekiston Respublikasining Davlat bayrog'i to'g'risida"gi Qonunning mazmun mohiyati atroflicha so'zlab berildi.
O'zbekiston bayrog'i – bu nafaqat mamlakatimiz ramzi, balki xalqimizning tarixiy yo'llari, madaniyati va qadriyatlarini o'zida aks ettiruvchi g'ururi ekanligi alohida ta'kidlandi.
Vatandoshlar O'zbekistonda ta'lim, fan va innovatsiyalar sohasida olib borilayotgan islohotlar jarayonlari bilan ham yaqindan tanishtirilib, mamlakatimizda ushbu sohalarni izchil rivojlantirishga hissa qo'shishga chorlandi.
Tadbir chog'ida, O'zbekistonning xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasidagi davlat siyosati haqida ham so'z yuritildi.
Jumladan, O'zbekiston Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi "O'zbekiston – 2030" strategiyasini "Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida"gi Farmoni ijrosi doirasidagi ishlar haqida ma'lumot berildi.
Shuningdek, vatandoshlar davlatimiz rahbarining 2024-yil 17-oktabrdagi "Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini tartibga solish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarorining mazmun-mohiyati va unda belgilangan asosiy vazifalar bilan tanishdilar.
Ochiq va konstruktiv ruhda bo'lib o'tgan tadbir so'ngida fuqarolarimiz o'zlarini qiziqtirgan konsullik – huquqiy masalalarga oid savollariga diplomatlardan javob olishdi.