Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O'zbekiston Shanxay shahrida xalqaro import ko'rgazmasida faxriy mehmon sifatida ishtirok etmoqda



O'zbekiston Shanxay shahrida davom etayotgan 7-Xitoy xalqaro import ko'rgazmasida faxriy mehmon sifatida ishtirok etmoqda.

"Yangi davr, umumiy kelajak" shiori ostidagi Xitoy xalqaro import ko'rgazmasi (CIIE) 2018-yildan beri har yili 5-10-noyabr kunlari Shanxay shahrida tashkil etiladi. Tadbir Milliy ko'rgazma va anjumanlar markazida (National Exhibition and Convention Center, NECC) bo'lib o'tadi.

Bu galgi ko'rgazma 129 davlatdan 3,5 mingga yaqin ishtirokchi, shuningdek, dunyodagi 500 dan ortiq nufuzli sanoat kompaniyalarining yuqori martabali vakillarini jamladi. Ko'rgazmada 400 dan ortiq mahsulot, zamonaviy texnologik asbob-uskunalar va yangi xizmat turlari namoyish etilmoqda.

Ma'ruza va taqdimotlar davomida ishtirokchilar O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, mamlakatimizning iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlari haqida ma'lumotlar bilan tanishtirildi. Hududlarning savdo-iqtisodiy jozibadorligi va sayyohlik salohiyati, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoit va imtiyozlar to'g'risida ma'lum qilindi.

EXPO ko'rgazmasi doirasida "Made in Uzbekistan" nomi ostida O'zbekiston milliy pavilyoni tashkil etildi. Unda O'zbekistondan sanoat mahsulotlari, geologiya, elektrotexnika, qurilish materiallari, kimyo, farmatsevtika, turizm, axborot texnologiyalari, yengil sanoat, qishloq xo'jaligi va boshqa mahsulotlar namoyish etildi.

CIIE Xitoyning importga yo'naltirilgan eng yirik ko'rgazma loyihasi bo'lib, jahon savdosining o'sishini qo'llab-quvvatlash va xorijiy mahsulot va xizmatlarning potensial xitoylik importyorlarini jalb qilish uchun samarali platformaga aylanish uchun mo'ljallangan. Ko'rgazma milliy pavilyonlarni, korporativ va biznes ekspozitsiyalarini o'z ichiga oladi.

Anton Vang, "Shanghai Ruston Industrial" kompaniyasi bosh direktori:

– Bugun biz O'zbekiston milliy pavilyonida bo'lganimizdan va Import tovarlari xalqaro ko'rgazmasida ishtirok etganimizdan juda mamnunmiz.

O'zbekiston pavilyoni juda chiroyli bezatilgan va milliy xususiyatlarga ega. Bundan tashqari, ko'rgazmada namoyish etilayotgan mahsulotlar juda boy va ularni ko'rish uchun ko'plab xitoyliklar kelyapti.

Xitoy va O'zbekiston o'rtasidagi munosabatlar juda yaxshi rivoj topmoqda. Savdo-iqtisodiy aloqalarimiz ham mustahkamlanmoqda. O'zbekiston ayni paytda Xitoyda tobora ommalashib boryapti desam mubolag'a emas. Xitoy aholisi ham mamlakatingizga katta qiziqish bildirmoqda.

Ishonchim komilki, ushbu ko'rgazma tufayli mamlakatlarimiz o'rtasidagi munosabatlar yana-da mustahkamlanadi.

Fatxullox Qahramonov, "Aziya Immunopreparat" korxonasi direktori:

–      Shanxay shahrida o'tkazilayotgan 7-Xalqaro import tovarlar ko'rgazmasida O'zbekiston ishlab chiqarilgan yuqori sifatli farmatsevtika mahsulotlarini namoyish etyapmiz.

O'tgan yili ko'rgazmadagi ishtirokimiz doirasida Xitoyning yirik kompaniyasi bilan shartnoma tuzdik. Bugungi kunda mahsulotlarimiz turlarini kengaytirish ustida hamkorlikda ishlayapmiz.

Bu galgi ko'rgazmada mamlakatimizning qator korxonalari o'z mahsulotlar bilan ishtirok etmoqda.

O'zbekiston milliy pavilyonidan yurtimizda ishlab chiqarilgan qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat sanoati, ipak, to'qimachilik, charm, farmatsevtika, kimyo, elektrotexnika va boshqa mahsulotlar o'rin olgan.



  ...