27 oktyabr – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatligiga saylov bo‘lib o‘tadigan kun. Ushbu sanaga ham tobora sanoqli kunlar qolmoqda.
Mamlakatimiz hayotidagi mazkur siyosiy tadbir fuqarolarning saylov huquqini amalga oshirish barobarida yurtimiz buguni va ertangi ravnaqini ta’minlashga xizmat qiladi, aholi hayoti va turmushini yanada farovon qilishga, hududlar qiyofasini o‘zgartirishga zamin bo‘ladi. Shunday ekan, ushbu muhim siyosiy tadbirda har bir saylovchi o‘z fuqarolik burchini, saylash huquqini faollik bilan amalga oshirishi, saylov jarayonlariga daxldorlik hissi bilan yondashmog‘i lozim. Zero, saylovchining saylov huquqini amalga oshirishi uning saylov kampaniyasidagi elektoral madaniyatini ko‘rsatadigan eng muhim mezonlardandir.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, har bir saylovchi saylovda bitta saylov uchastkasida bir marotaba ovoz beradi. Buni ta’minlash, uning boshqa saylov uchastkasida ikkinchi marta ovoz berishining oldini olish maqsadida saylovchining ovoz berish joyi belgilanadi. Ya’ni, saylovchilarning ovoz berish huquqini ta’minlash maqsadida saylov uchastkalari hamda ushbu saylov uchastkasida ovoz berishi mumkin bo‘lgan saylovchilar ro‘yxati tuziladi.
Xo‘sh, saylovchilar ro‘yxati qay tartibda tuziladi? Bunda nimalarga amal qilinishi lozim?
Saylovchilar ro‘yxati saylov kampaniyasi davridagi eng muhim va hal qiluvchi hujjatlardan biri hisoblanadi. Chunki ushbu ro‘yxat asosida saylovchilarning saylov jarayonidagi ishtiroki ta’minlanadi. Qolaversa, bu “bir saylovchi – bir ovoz” tamoyiliga amal qilinishiga zamin bo‘ladi. Saylovchilar ro‘yxatining qonun talablari asosida tuzilishi xalqaro saylov standartlariga muvofiq fuqarolarning umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyatga ega.
Saylov qonunchiligimizga ko‘ra, saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, ro‘yxat tuzilayotgan paytda mazkur saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolar saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi. Har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin. Bunda har bir saylovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va yashash joyi manzili kiritiladi.
Saylovchilar ro‘yxatlari Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha axborot tizimi ma’lumotlari asosida tuziladi.
Har bir uchastka saylov komissiyasi tuzilganidan keyin uch kun ichida Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatida taqsimlangan mazkur uchastka saylovchilarining dastlabki ro‘yxatini oladi. Uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning dastlabki ro‘yxatini olganidan keyin uni mazkur uchastka hududida yashovchi aholini uyma-uy aylanib chiqish yo‘li bilan aniqlashtirish choralarini ko‘radi. Saylovchilar ro‘yxatini aniqlashtirish ishlarida jamoatchilik vakillari ham jalb etilishi mumkin. Tumanlar va shaharlar hokimliklari saylovchilarning ro‘yxatlarini aniqlashtirish ishlariga ko‘maklashadi.
Saylov komissiyalari aholini uyma-uy aylanib chiqish natijalari bo‘yicha saylovchining Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidagi familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va yashash joyi manziliga oid tuzatishlar qilib, saylovchilar ro‘yxatlariga o‘zgartishlar kiritishi mumkin.
Saylovchilarning ro‘yxati har bir saylov uchastkasi bo‘yicha uchastka saylov komissiyasi tomonidan tuziladi hamda uning raisi va kotibi tomonidan imzolanadi.
Harbiylar, sanatoriya va kasalxonalardagi fuqarolarning saylash huquqini ta’minlash masalalari ham e’tibordan chetda qolmagan. Saylov kodeksiga ko‘ra, harbiy qismlardagi harbiy xizmatchilar va ular oila a’zolarining hamda boshqa saylovchilarning ro‘yxatlari, agar ular harbiy qismlar joylashgan hududlarda yashasa, harbiy qismlarning komandirlari taqdim etadigan ma’lumotlar asosida tuziladi. Harbiy qismlardan tashqarida istiqomat qiluvchi harbiy xizmatchilar esa yashash joylari bo‘yicha umumiy asoslarda saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi.
Shuningdek, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalar bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatlari mazkur muassasalar rahbarlari tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotlar asosida tuziladi.Bir so‘z bilan aytganda, saylash yoshiga yetgan har bir fuqaroning ushbu siyosiy huquqini ta’minlash bo‘yicha barcha chora-tadbirlar belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bu esa saylovchilarning o‘z kelajagi uchun, oilasi, mahallasi va yurt ertasi uchun o‘z tanlovini amalga oshirishlariga imkon yaratadi.