O'zbekiston delegatsiyasi Xitoyning Shensi provinsiyasi Sian shahrida o'tayotgan sakkizinchi "Xalqaro Ipak yo'li EKSPO" ko'rgazmasida ishtirok etmoqda.
"O'zaro bog'liqlikni chuqurlashtirish va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish" mavzuida o'tkazilayotgan tadbirda vazirlik va idoralar, savdo-iqtisodiy va sanoat kompaniyalari, turizm uyushmalari vakillari, 40 dan ortiq davlatdan mehmonlar ishtirok etmoqda.
Ma'ruza va taqdimotlar davomida ishtirokchilar O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, mamlakatimizning iqtisodiy va investitsiyaviy imkoniyatlari to'g'risidagi ma'lumotlar bilan tanishtirildi. Mamlakatimiz hududlarining savdo-iqtisodiy va sayyohlik salohiyati, xorijiy investorlar uchun yaratilgan sharoit va imtiyozlar ta'kidlandi.
Xitoy kompaniyalari O'zbekistonning erkin iqtisodiy va sanoat zonalarida yaratilgan imkoniyatlardan keng foydalanish, yangi investitsiyaviy loyihalarni birgalikda amalga oshirishga chaqirildi.
Keyingi yillarda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o'rtasidagi ko'p tomonlama hamkorlik kengayayotgani, Xitoy kompaniyalari mamlakatimiz bozorida ishlashga katta qiziqish bildirayotgani qayd etildi.
EKSPO ko'rgazmasi doirasida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan to'qimachilik, qurilish, maishiy, hunarmandchilik, kulolchilik va oziq-ovqat mahsulotlari o'rin olgan O'zbekiston pavilyoni tashkil etildi.
Xalqaro ko'rgazma 10 ta asosiy konferensiya va forumlarni, shuningdek, xalqaro almashinuv, mintaqalararo hamkorlik, transport, logistika, ilg'or ishlab chiqarish va zamonaviy energetikaga bag'ishlangan beshta maydonni o'z ichiga oladi.