Xitoyning Sian shahrida o'n birinchi "Ipak yo'li" xalqaro kinofestivalining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi.
Ochilish marosimida dunyoning 30 dan ortiq davlatidan madaniyat va kino sanoati namoyondalari, taniqli rejissyor va aktyorlar, san'atshunoslar ishtirok etdi.
O'zbekiston joriy yilgi kinofestivalning faxriy mehmoni sifatida qatnashdi. Kinofestivalda mamlakatimizdan Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etmoqda.Festival mehmonlari o'zbek kinorejissyorlari tomonidan suratga olingan 8 ta filmni tomosha qilishlari mumkin. "Bahodir Yalangto'sh", "101 reys", "Sizni nima deyman", "O'zbek qizi" va boshqalar shular jumlasidandir.
Ma'ruzalarda "Ipak yo'li" xalqaro kinofestivali bugungi kunda mamlakatlar o'rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etayotgan keng ko'lamli va nufuzli madaniy maydon ekanligi ta'kidlandi.
Bu yil festivalda ishtirok etish uchun dunyoning 136 mamlakati va mintaqasidan 2065 ta film taqdim etilgan. 24 ta film final bosqichiga chiqdi va "Oltin ipak yo'li" bosh sovrini uchun kurash olib boradi. G'oliblar 10 ta nominatsiya bo'yicha aniqlanadi. Ular orasida "Eng yaxshi film", "Eng yaxshi rejissyor", "Eng yaxshi aktyor va aktrisa" nominatsiyalar bor.
Festival doirasida O'zbekiston kinosi haftaligi bo'lib o'tmoqda. Haftalik davomida namoyish qilingan o'zbek filmlari tomoshabinlarda manzur kelmoqda.
"Ipak yo'li" xalqaro kinofestivali an'anaviy tarzda har yili o'tkaziladi. Shensi provinsiyasi markazi — Sian shahri va Fuchjou shahri navbatma-navbat ushbu yirik madaniy tadbirga mezbonlik qiladi. Kinofestival Xitoy va xorijiy mamlakatlar kinoijodkorlari o'rtasidagi madaniy almashinuvni rivojlantirishga qaratilgan.