Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasida Xitoydagi vatandoshlarimiz ishtirokida "Bir bo'lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!" g'oyasini o'zida mujassam etgan O'zbekiston Mustaqilligining 33 yillik bayrami keng nishonlandi.
Tadbir ishtirokchilariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, davlatimiz tomonidan xorijdagi vatandoshlarimizga qaratilayotgan alohida e'tibor, yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash bo'yicha chora-tadbirlar haqida gapirib berildi.
Xususan, xalqaro darajadagi musobaqalarda Yangi O'zbekiston yoshlari erishayotgan yuksak natijalar haqida so'zlab berildi.
O'z navbatida joriy yil mamlakatimiz va xalqimiz hayotidagi muhim siyosiy voqea - 27-oktabr kuni bo'lib o'tadigan parlament va mahalliy kengashlarga saylovlar haqida gapirib berildi.
Mehmonlar uchun bayram dasturxoni yozilib, milliy taomlarimiz ulashildi, o'zbekona kuy-qo'shiqlar yangradi. Vatandoshlar ishtirokida sport musobaqalari tashkil etildi.
"Dunyo" AAga bergan intervyularida vatandoshlar ushbu qutlug' ayyom bilan yurtdoshlarimizni tabriklab, o'z tilaklari bilan o'rtoqlashdi.
Elzaxon Ibroximxonova, Tyanszin pedagogika universiteti talabasi:
- Bugun biz vatandoshlar Pekin shahrida o'tkazilgan Mustaqillik tadbiriga yig'ildik. Bu yerda ko'plab yurtdoshlarimizni uchratdim va ular bilan tanishdim. Yurtimizda kechayotgan muhim voqealar va ulkan o'zgarishlar bilan o'rtoqlashdik.
Tadbir davomida sport musobaqalari tashkil etildi, milliy kuy-qo'shiqlarimiz va milliy taomlarimizdan bahramand bo'ldik. Bayram tadbiri ko'tarinki ruhda o'tmoqda.
Universitetimizda o'tkaziladigan tadbirlarda vatanimiz nomini baland ko'tarishga harakat qilamiz. Xorijlik do'stlarimizga yurtimiz madaniyati va urf-odatlari haqida gapirib beramiz.
Asadxo'ja Murodxo'jayev, Pekin xalqaro biznes universiteti talabasi:
- Avvalambor barcha vatandoshlarimizni mamlakatimiz Mustaqilligining 33 yilligi bilan chin dildan tabriklayman.
Ushbu sana xalqimiz tarixida katta ahamiyatga ega. Chunki u yutuqlarimiz va kelajakdagi orzularimizning ramzidir. Kuni kecha Yangi O'zbekiston bog'ida Prezidentimiz boshchiligida katta tantanali marosim bo'lib o'tdi. Unda yurtimiz uchun muhim bo'lgan ustuvor yo'nalishlar sanab o'tildi. Bu turli sohalarni qamrab oluvchi yo'nalishlar mamlakatimiz rivoji uchun juda muhimdir.
Men ham Jahon savdo tashkiloti yo'nalishida ta'lim olmoqdaman. Olgan bilimlarimni yurtimiz ravnaqi yo'lida sarf qilishga tayyorman.
Munisaxon Ibroximxonova, Tyanszin pedagogika universiteti talabasi:
- Barcha vatandoshlarimizni Mustaqillik kuni bilan tabriklayman. Bugun mamlakatimiz elchixonasida tashkil etilgan tantanali bayram tadbirida ishtirok etayotganimdan hursandman.
Tadbirda mustaqillik yillarida yurtimizda erishilgan yutuqlar, turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli o'zgarishlar, mamlakatimiz siyosiy hayotidagi muhim voqea bo'lajak parlament saylovlari haqida qiziqarli ma'lumotlarni oldik.
Shuningdek, vatandoshlar ishtirokida tashkil etilgan sport musobaqasida ishtirok etdik, milliy taomlarimizdan bahramand bo'ldik.
Kelgusida xitoy tili bo'yicha yetuk mutaxassis bo'lish hamda vatanimiz taraqqiyoti yo'lida o'z bilim va ko'nikmalarimni sarf qilish niyatidaman.
Saidali Yo'ldoshev, Pekin xalqaro maktabining ingliz tili o'qituvchisi:
- Bugun mamlakatimiz Mustaqilligining 33 yilligini nishonlash uchun Xitoyda ta'lim olayotgan va mehnat faoliyati bilan shug'ullanayotgan vatandoshlar Pekindagi elchixonamizga yig'ildik. Ushbu kun xalqimiz hayotidagi muhim sanadir.
Hurmatli Prezidentimiz bayram munosabati bilan o'tkazilgan tantanali tadbirda ta'lim sohasiga to'xtalib o'tdi. Darhaqiqat, har qanday mamlakatning barqaror taraqqiyotida ta'limning ahamiyati beqiyos. Biz ham Xitoyda olayotgan bilim va tajribalarimizni O'zbekiston ravnaqi uchun safarbar etamiz.
Barcha yurtdoshlarimizni Mustaqillik kuni bilan muborakbod etaman.