Bo'lajak muhim siyosiy tadbir — O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlariga o'tkaziladigan saylovlar munosabati bilan mamlakatimizning Pekindagi elchixonasida Xitoydagi vatandoshlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda Xitoy oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan, vaqtincha mehnat faoliyati bilan shug'ullanayotgan vatandoshlar va xitoylik o'zbek tili ixlosmandlari ishtirok etdi.
Qatnashchilarga O'zbekistonda kechayotgan islohotlar, xususan, hukumatimiz tomonidan xorijdagi hamyurtlar bilan o'zaro hamkorlik sohasidagi davlat siyosatining mazmun-mohiyati atroflicha yetkazildi.
O'z navbatida, mehmonlarga shu yilning 26-iyul kuni O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo'lib o'tgani ma'lum qilindi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlarining vakolat muddati 2024-yilda tugashi inobatga olinib, 27-oktabrda saylovlar o'tkazilishi, saylov kampaniyasi esa 26-iyuldan boshlangani haqida axborot berildi.
Saylovlar yangi qabul qilingan O'zbekiston Konstitutsiyasida belgilab berilgan mutlaqo yangi ijtimoiy-siyosiy muhitda o'tkazilayotganiga alohida ta'kidlandi.
Qayd etilganidek, bo'lajak saylovlar O'zbekiston tarixida ilk bor aralash saylov tizimi, ya'ni majoritar-proporsional tizim asosida o'tkaziladi.
"Mening tanlovim — obod Vatanim" shiori ostida o'tadigan saylovlarda saylov organlarining Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi yangi tizimi joriy etilgani, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlarni ko'rsatishda ayollarning ulushi kamida 40 foiz bo'lishi belgilangani bayon etildi.
Lobarxon Rasulova, Sinxua universiteti o'qituvchisi:
– Bugun O'zbekistonning Pekindagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan 27-oktabr kuniga belgilangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlariga saylovlarga bag'ishlagan davra suhbatida qatnashdik.
Tadbir orqali bo'lajak saylov "Mening tanlovim — obod Vatanim" shiori ostida o'tayotganini bilib oldik. Saylov haqida va unda ishtirok etish bilan bog'liq ma'lumotlar yetkazildi. Xususan, bu galgi saylovning oldingilaridan farqi, unda ilk bor majoritar-proporsional saylash va "E-Saylov" tizimi orqali saylov jarayonini kuzatib borish imkoni borligi ta'kidlandi.
Biz Xitoyda bo'lib turgan vatandoshlar elchixonada tashkil etiladigan saylov uchastkasiga o'z ovozlarimizni beramiz.
Azizbek G'ayratov, Pekin grafika axborot universiteti talabasi:
– Mamlakatimizdagi muhim siyosiy voqea parlament saylovlariga bag'ishlangan davra suhbatida qatnashganimdan xursandman. Biz kabi yoshlar uchun bunday tadbir — ma'lumot olish va fikr almashish uchun ajoyib imkoniyatdir.
Xitoydagi vatandoshlar O'zbekistonning elchixonasi hamda Shanxay va Guanchjou shaharlaridagi Bosh konsulxonalarida tashkil etiladigan saylov uchastkalariga kelib, o'zlarining Konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalangan holda, o'z ovozlarini berishlari mumkinligi haqida ma'lumot barcha uchun foydali bo'ldi.
Milka Kuadio-Kessy, Pekin grafik aloqa universiteti talabasi (Kot-d'Ivuar):
– Bugun o'zbekistonlik do'stlarim bilan O'zbekiston elchixonasiga tashrif buyurganimdan juda xursandman. Mamlakatingizdagi muhim voqealar haqida qiziqarli ma'lumotlarni oldik.
Xususan, Parijda bo'lib o'tgan yozgi Olimpiya o'yinlarida O'zbekiston sportchilarining qo'lga kiritgan yuqori natijalar menda katta taassurot qoldirdi. Biz ham o'zbek sportchilariga muxlislik qildik.
Shuningdek, oktyabr oyida O'zbekiston parlamentiga saylovlar bo'lib o'tishi va ularni o'tkazish bilan bog'liq muhim ma'lumotlardan xabardor bo'ldik.
Menga O'zbekiston va uning xalqi juda yoqadi. Xalqingizning mehmondo'stligi va mehnatsevarligi hayratlanarlidir.
Yan Fan, "Beijing Lehesin International Travel Service" sayyohlik kompaniyasi direktori:
– So'nggi yillarda kompaniyamiz O'zbekiston bilan sayyohlik sohasida yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.
Elchixonada "O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga o'tkaziladigan saylovlar targ'iboti" mavzusida o'tkazilgan davra suhbatida ishtirok etdik. Unda mamlakatingizda turli sohalarda amalga oshirilayotgan ulkan o'zgarishlar va keng qamrovli islohotlar jarayoni haqidagi muhim ma'lumotlar bilan tanishdik.
O'zbekistonning Samarqand, Buxoro va Xiva kabi shaharlari dunyoga mashhur. Mamlakatingizning boy madaniyati, an'analari, sayyohlik imkoniyatlari va ayniqsa mazali taomlari har qanday sayyohga ma'qul keladi.