Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Xitoyda bo'lajak O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi saylovlariga bag'ishlangan brifing o'tkazildi



O'zbekistonning Pekindagi elchixonasida bo'lajak siyosiy tadbir – O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari saylovlariga bag'ishlangan brifing o'tkazildi.

Tadbirda Xitoyning savdo, iqtisod, madaniyat va san'at, turizm sohalari hamda yetakchi OAV vakillari ishtirok etdi.

Yig'ilganlarga shu yilning 26-iyul kuni O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo'lib o'tganligi ma'lum qilindi. Majlisda O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlarining vakolat muddati 2024-yilda tugashini inobatga olinib, joriy yilning 27-oktyabrida saylovlar o'tkazilishi va saylov kampaniyasini 26 iyuldan boshlash haqida Markaziy saylov komissiyasining qarori qabul qilingani ta'kidlandi.

Ushbu saylovlar yangilangan O'zbekiston Konstitutsiyasida belgilab berilgan mutlaqo yangi ijtimoiy-siyosiy muhitda o'tkazilishiga alohida urg'u berildi.

Xususan, mazkur saylovlar O'zbekiston tarixida ilk bor aralash saylov tizimi, ya'ni majoritar-proporsional tizim asosida o'tkazilishi qayd etildi.

"Mening tanlovim — obod Vatanim" shiori ostida o'tadigan bo'ljak saylovlarda saylov organlarining Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi yangi tizimi joriy etilganligi, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlarni ko'rsatishda ayollarning ulushi kamida 40 foiz bo'lishi belgilangani Xitoy vakillarining katta qiziqishiga sabab bo'ldi.

Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa, 12 tadan 18 taga ko'paytirilganligi, Parlamentning ijro etuvchi, sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus xizmatlar faoliyati ustidan nazorat funksiyalari kengaytirilganligi, hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilishi bekor qilinganligi hamda davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida avval hokimlar vakolatida bo'lgan 33 ta vakolatlar mahalliy Kengashlarga o'tkazilganligi tadbir ishtirokchilariga yetkazildi.

Qayd etilganidek, bo'lajak saylovda Qonunchilik palatasining 150 nafar deputati, Senatning 56 nafar a'zosi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi 65 nafar deputati, viloyatlar va Toshkent shahar, 208 ta tuman (shahar) Kengashlari deputatlari saylanishi bayon etilib, shunga ko'ra, 30 mingga yaqin nomzodlar, 90 mingga yaqin ularning ishonchli vakillari saylov jarayonida faol ishtirok etishi hamda 120 mingdan ortiq saylov komissiyalari a'zolari tashkilotchi sifatida, 70 mingdan ortiq mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar ishtiroki etishi kutilmoqda.



  ...