O'zbekiston elchixonasida Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoyga tashrifi doirasida viloyatning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi.
Tadbirda Xitoyning 100 dan ziyod kompaniyalari, savdo-iqtisodiy va turistik uyushmalari, ishbilarmon doiralari vakillari qatnashdi.
Ishtirokchilar Jizzax viloyatida turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamdagi islohotlar jarayoni bilan tanishdilar. Viloyatning savdo-iqtisodiy jihatdan jozibadorligi, turizm salohiyati hamda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoit va afzalliklar yuzasidan batafsil taqdimot o'tkazildi. Yangi sayyohlik yo'nalishlarini ishlab chiqish bo'yicha fikr almashildi.
Viloyat hokimi Ergash Saliyev o'z nutqida, Xitoy kompaniyalarini Jizzax viloyatida tashkil etilgan erkin iqtisodiy va sanoat zonalarida yaratilgan imkoniyatlardan keng foydalanishga hamda hamkorlikda yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishga chaqirdi.
So'nggi yillarda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o'rtasidagi ko'p tomonlama hamkorlik aloqalari tobora kengayib borayotgani ta'kidlandi, Xitoy kompaniyalari mamlakatimiz bozorida faoliyat olib borishga qiziqishi katta ekanligi bildirildi.
Shuningdek, forum davomida Xitoy ishbilarmonlari tomonidan berilgan savollarga viloyat mas'ullari tomonidan batafsil javob berildi. Tadbirning ikkinchi qismida O'zbekiston va Xitoy biznes vakillari o'rtasida B2B va G2B shaklida muzokaralar o'tkazildi.
Forum davomida o'tkazilgan tor doiradagi uchrashuvlarda turli sohalarda o'zaro manfaatli hamkorlik yo'nalishlarida loyihalarni amalga oshirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi. O'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'yicha hujjatlar imzolandi.
"HUAHE International" biznes konsalting kompaniyasi prezidenti Lyu Chuanu:
— Kompaniyamiz Jizzax viloyati bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatgan. Bugungi tadbirda viloyatning investitsiyaviy salohiyati bilan yaqindan tanishdik. Viloyatda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar haqida batafsil ma'lumot oldik.
Tadbir davomida o'tkazilgan uchrashuvlarda kelgusidagi muhim hamkorlik yo'nalishlarini belgilab oldik. Kompaniyamizning yana bir yo'nalishlaridan biri bu hududlar o'rtasida hamkorlikni rivojlantirishdir. Shu munosabat bilan biz Jizzax viloyatiga Xitoyning turli hududlari bilan do'stona munosabatlarni o'rnatishiga ko'mak berishga tayyormiz.
Shuningdek, suhbat davomida Xitoyda Jizzax viloyatining investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy va turizm salohiyatiga bag'ishlangan forumlarni doimiy o'tkazishga kelishib oldik.
"CEE International" kompaniyasi menejeri Lyu Sinyan:
— O'zbekistonning Xitoydagi elchixonasida tashkil etilgan Jizzax viloyati salohiyatiga bag'ishlangan tadbirda ishtirok etganimdan xursandman.
Kompaniyamiz elektr energetikasi sohasida faoliyat yuritadi. Hozirgi kunda Jizzax viloyatida elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasi ishlab chiqilmoqda. Mazkur loyihaning amalga oshirilishi O'zbekiston uchun albatta, foydali bo'ladi.
O'tkazilgan taqdimotlarda Jizzax viloyati to'g'risida muhim va qiziqarli ma'lumotlarni oldik. Umid qilamanki, hamkorligimiz uzoq davom etadi va yurtingizda ko'plab qo'shma loyihalarni amalga oshiramiz.
"Sitilink Avtomarket Menedjment" kompaniyasi bosh menejeri Li Venyan:
— Bizning kompaniyamiz avtomobilsozlik sanoati sohasida faoliyat yuritadi. Jizzaxda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar uchun ehtiyot qisimlar yetkazib berishga qaratilgan.
Biz O'zbekistonga investitsiya kiritish va yirik loyihalarni amalga oshirishdan mamnunmiz. Jizzax viloyatidagi erkin iqtisodiy va sanoat zonalari bilan tanishdik, u yerda xorijiy sarmoyadorlar uchun barcha sharoit yaratilgan.
Kelgusida Jizzax viloyatida ishlab chiqarishning boshqa sohalariga ham investitsiya kiritishni rejalashtiryapmiz.