Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O'zbekiston Xitoy xalqaro investitsiya yarmarkasida ishtirok etdi



Pekinda o'tkazilgan 14-Xitoy xalqaro investitsiya yarmarkasida O'zbekiston faxriy davlat sifatida ishtirok etdi.

Xitoyning xorijdagi korxonalarni rivojlantirish assotsiatsiyasi (CODA) tomonidan tashkil etilgan tadbirda 2000 ga yaqin mehmonlar, vazirlik va idora rahbarlari, Xitoyning yetakchi kompaniyalari, elchilar, vazirlar, xorijiy hukumat maslahatchilari va OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilariga O'zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, xorijiy kapitalni jalb etish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma'lumot berildi.

O'zbekistonda xorijiy investorlar uchun qulay sharoitlar yaratilgani hamda turli mahsulotlarni ishlab chiqarish va ularni realizatsiya qilish uchun maxsus va erkin iqtisodiy zonalar mavjudligi bildirildi.

Sirdaryo va Samarqand viloyatlariga bag'ishlangan taqdimotlarda tadbir ishtirokchilari mamlakatimizning ushbu hududlarining sarmoyaviy, iqtisodiy va turizm imkoniyatlari bilan atroflicha tanishish imkoniga ega bo'ldilar.

Xitoyning xorijdagi korxonalarni rivojlantirish assotsiatsiyasi prezidenti Xe Chjenvey o'z nutqida Xitoy va O'zbekiston o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning yuqori dinamikasini alohida urg'uladi. Uning aytishicha, so'nggi yillarda mamlakatlarimiz o'zaro hamkorlikning deyarli barcha sohalarida yuqori natijalarga erishdi. Shuningdek, u joriy yilning may oyida bo'lib o'tgan III Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi ishtiroki haqidagi fikrlari va taassurotlari bilan o'rtoqlashdi. Xususan, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o'tkazilayotgan mazkur forum ikki va ko'p tomonlama investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, eng dolzarb muammolarni muhokama qilish, ularni hal etish bo'yicha ilg'or g'oya va yondashuvlarni ishlab chiqishda samarali maydonga aylanib borayotganini ta'kidladi.

Tadbir davomida O'zbekiston va Xitoy ishbilarmon vakillar o'rtasida B2B uchrashuvlari bo'lib o'tdi. Natijada, turli sohalar doirasida o'zaro manfaatli bitimlar imzolandi.

O'zbekiston pavilyoni tashkil etilib, unda to'qimachilik, zargarlik, hunarmandchilik va qandolatchilik mahsulotlari namoyish etildi. Tashrif buyuruvchilar e'tiboriga mamlakatimizga bag'ishlangan videoroliklar, fotosuratlar va maxsus jurnallar taqdim etildi.

Tadbir doirasida mehmonlar uchun mamlakatimiz san'atkor ustalari ishtirokida madaniy kecha tashkil etildi. Sirdaryo viloyati Filarmoniyasi ijodiy jamoasi tomonidan ijro etilgan o'zbek milliy raqslari, kuy-qo'shiqlar barchaga xushkayfiyat bag'ishladi.

Xe Chjenvey, Xitoyning xorijdagi korxonalarni rivojlantirish assotsiatsiyasi prezidenti:

– Bugun Pekinda investitsiyaviy hamkorlikka bag'ishlangan yirik tadbir bo'lib o'tdi. Unda 96 mamlakatdan mehmonlar va 1,5 ming kompaniya vakillari ishtirok etdi. Forum xalqaro savdoni rivojlantirish uchun qulay sharoit hisoblanadi. Ishtirokchilar hamkorlik uchun muhim loyihalar haqida kerakli ma'lumotlarni olishlari, bundan tashqari, biznes hamkorlar topishlari mumkin.

O'zbekiston bu yilgi tadbirning faxriy mehmoni hisoblanadi. Sirdaryo va Samarqand viloyatlaridan kelgan delegatsiyalarni qutlashdan mamnunmiz.

Bunday tadbirlar Xitoy kompaniyalariga mamlakatingiz, investitsiyaviy siyosat, xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish uchun yaxshi imkoniyat yaratadi.

Sin Szyunman, "China Nonferrous Metal Industry's Foreign Engineering and Construction" kompaniyasi prezidenti:

– Shubhasiz, O'zbekiston delegatsiyasining taqdimoti va chiqishlari bugungi tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg'otdi. Xitoyning ko'plab yetakchi kompaniyalari O'zbekiston bilan hamkorlikni yo'lga qo'yishga tayyorligini bildirdi.

Korxonamiz rangli metallurgiya sanoati hamda bu borada asbob-uskunalar ishlab chiqarishda katta tajribaga ega. O'zbekiston mineral resurslarga boy davlatdir. Bugun biz O'zbekiston bilan hamkorlikni yo'lga qo'ymoqdamiz.

Guan Peyin, Xitoy mebel sanoati sifatini oshirish instituti direktori:

– Pekindagi O'zbekiston madaniyat kechasida ishtirok etish menga katta mamnuniyat bag'ishladi. Bizni o'zbek milliy san'ati, ayniqsa, musiqa va raqs san'ati hayratga soldi. Biz o'zbek xalqining do'stligi, kuch-g'ayratini his qildik.

Bugun O'zbekiston delegatsiyasi tomonidan o'tkazilgan taqdimotlar tufayli investitsiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, tadbirkorlik sohasidagi o'zgarishlar haqida batafsil ma'lumot oldik. Bu borada mamlakatlarimiz kompaniyalari o'rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish muhim, deb o'ylayman.

Chjao Bin, Xitoylik tadbirkor:

– Bugun 14-Xitoy xalqaro sarmoya yarmarkasida ishtirok etdim. Biz, biznes vakillari, O'zbekiston hududlarida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari haqida muhim ma'lumotlarga ega bo'ldik.

Tadbir doirasida tashkil etilgan mamlakatingiz milliy pavilyoniga tashrif buyurdim. Bu yerda O'zbekistonda ishlab chiqarilayotgan yuqori sifatli to'qimachilik, qandolatchilik, oziq-ovqat mahsulotlari namoyish etilmoqda.

Kompaniyamiz O'zbekiston bilan hamkorlikni yo'lga qo'yishni rejalashtirgan. O'zbek tadbirkorlari bilan qo'shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdormiz.



  ...