Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O'zbekiston xitoylik sayyohlar orasida mashhur yo'nalishlardan biriga aylanmoqda



Mamlakatimiz elchixonasida O'zbekiston madaniyati va turizm salohiyatiga bag'ishlangan tadbir o'tkazildi.

Unda Xitoy sayyohlik kompaniyalari, madaniyat, turizm va san'at sohasi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, taniqli blogerlar, faol vatandoshlar va Pekindagi xorijiy diplomatik vakolatxonalar vakillari ishtirok etdi.

Yig'ilganlar mamlakatimizda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning mazmun-mohiyati bilan tanishdilar.

Xususan, O'zbekistonda xorijlik sayyohlar uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar va turizmni rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlarga to'xtalib o'tildi.

Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlarimiz xitoylik sayyohlar orasida mashhur turizm yo'nalishlaridan biriga aylanayotgani ta'kidlandi.

Tadbirning madaniy qismida Xorazm viloyati san'at ustalari tomonidan "Lazgi" raqsi va o'zbek kuy-qo'shiqlari ijro etildi.

Li Sin, Xitoy Xalqaro savdo assotsiatsiyasi vakili:

—O'zbekiston elchixonasida tashkil etilgan madaniy kechada ishtirok etganimdan juda mamnunman. Tadbir o'zbek raqsi, kuy-qo'shiqlari va musiqasi sadolari ostida ko'tarinki ruhda o'tdi. Dunyoga mashhur bo'lgan "Lazgi" raqsini jonli ijrosini tomosha qilganimdan behad xursandman.

O'zbekiston o'zining boy tarixi, go'zal madaniyati, urf-odatlari va an'analari bilan butun dunyo xalqlarini o'ziga rom etib kelmoqda. Men ham dunyo sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo'shgan O'zbekistondek go'zal yurtni borib ko'rish niyatidaman.

Assotsiatsiyamiz ham O'zbekiston bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlashdan manfaatdor. Mamlakatingiz bilan turli sohalarda loyihalarni amalga oshirishga tayyormiz.

Guo Yu, "Beijing international trade" kompaniyasi bosh menejeri:

— O'zbekiston Buyuk ipak yo'lida joylashgan muhim mamlakatdir. Bugungi kunda mamlakatlarimiz o'rtasidagi do'stona aloqalar barcha sohada jadal rivojlanib bormoqda.

Kompaniyamiz xalqaro savdo va mehnat xizmatlarini taqdim etish bilan shug'ullanadi. O'zbekistonga borishni orziqib kutaman. Yurtingiz bilan savdo aloqalarini kengayishiga o'z hissamni qo'shishni xohlayman.

Li Min, "Western Silk Road International Cultural Exchange" kompaniyasi bosh direktori:

— O'zbekistonga ilk bor sayyoh sifatida tashrif buyurib, yurtingizning Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivaga kabi go'zal shaharlarida bo'lganman. O'zbekiston xitoylik sayyohlar orasida mashhur yo'nalishlardan biriga aylanmoqda.

O'zbekiston kundan-kunga rivojlanib bormoqda, yangi zamonaviy binolar qurilmoqda, yirik korxonalar ishga tushirilmoqda, sayyohlar uchun qulayliklar yaratilmoqda. Xorijiy investorlarni ushbu jarayonlarda faol ishtirok etayotgani, albatta quvonarli.

Van Syaolin, "Global Merchant Electronics" kompaniyasi direktori:

— Bugungi tadbir orqali O'zbekistonning boy madaniyati va san'atini boricha his qildim. Menga hammasi yoqdi. Sho'x kuy-qo'shiqlar, mazali taomlar va kayfiyatni ko'taruvchi "Lazgi" raqsi.

O'zbekiston va Xitoy o'rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjud. Kompaniyamiz Xitoyda tashkil etiladigan ko'rgazmalarda yurtingiz turizm salohiyatini targ'ib qilishga tayyor.



  ...