Pekin shahrida joylashgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bosh qarorgohiga (OIIB) O'zbekiston madaniyati va san'atiga bag'ishlagan tadbir o'tkazildi.
Unda OIIB rahbariyati va xodimlari, Xitoydagi diplomatik korpus, OAV vakillari va vatandoshlar ishtirok etdi.
OIIB prezidenti Szin Lisyun o'z nutqida joriy yilning yanvar oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning bank bosh qarorgohiga tashrifi va uning doirasida bo'lib o'tgan uchrashuv O'zbekiston hamda ushbu moliya muassasasi o'rtasidagi hamkorlikda muhim tarixiy voqea bo'lganini ta'kidladi. Shuningdek, O'zbekiston OIIB hamkorlari orasida eng faol davlatlardan biri ekani va mamlakatimizda bank ko'magida ko'plab yangi loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgani bildirildi.
Ishtirokchilar mamlakatimizda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning mazmun-mohiyati bilan tanishdilar.
Bugungi kunda mamlakatimizda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, sayyohlar uchun yaratilayotgan sharoitlar yuzasidan ma'lumot berildi hamda Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlarimizning turizm imkoniyatlariga bag'ishlangan videoroliklar namoyish etildi.
Tadbir davomida Xorazm filarmoniyasi san'atkorlari tomonidan kuy-qo'shiqlar, xususan lazgi raqsi ijro etildi. Milliy o'zbek hunarmandlik mahsulotlari, O'zbekiston madaniyati haqida hikoya qiluvchi badiiy asarlar ko'rgazmasi va milliy taomlar festivali tashkil etildi.
OIIB vitse-prezidenti Lyudger Shuknext:
– Bugun OIIBda O'zbekiston madaniy hayotiga bag'ishlagan tadbirda ishtirok etganimdan juda mamnunman.
Ta'kidlash joizki, O'zbekiston OIIBning eng muhim a'zolaridan biri hisoblanadi va mamlakatda bank ishtirokida ko'plab yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Tadbir davomida O'zbekiston madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo'ldik. Ishtirokchilar e'tiboriga o'zbek kuy-qo'shiqlari, mazali va betakror milliy taomlari, hunarmandchilik mahsulotlari va nafis ishlangan an'anaviy liboslari taqdim etildi.
YUNESKO tomonidan Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro'yxatiga kiritilgan "Lazgi" raqsi ijrosi yig'ilganlarga ko'tarinki ruh bag'ishladi. Shuningdek, O'zbekiston shaharlarining tarixiy obidalari va zamonaviy hayotini o'zida aks ettiruvchi badiiy asarlar ko'rgazmasi bizda katta taassurot qoldirdi.
OIIB investitsiyalar bo'yicha katta mutaxassisi Igor Popkov:
– Bugun O'zbekistonning Xitoydagi elchixonasi tomonidan OIIB binosida mamlakatingiz madaniyatiga bag'ishlab unutilmas tadbir o'tkazildi.
Yig'ilganlar e'tiboriga O'zbekistonning qadimiy shaharlari va turizm salohiyatini ko'rsatib beruvchi badiiy asarlar, milliy kuy-qo'shiq va raqslar, hunarmandchilik mahsulotlari va mazali taomlar taqdim etildi.
Bankda turli davlatlardan kelgan mutaxassislar ishlaydi. Bunday tadbirning o'tkazilishi mamlakatingizning boy madaniy imkoniyatlarini yanada kengroq targ'ib etish va yaqindan his qilish imkonini beradi.
Men Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan O'zbekiston bilan hamkorlik loyihalari yo'nalishida ishlayman. Hozirgi kunda mamlakatingizda bir qancha muhim loyihalarni amalga oshiryapmiz.
2014-yil 24-oktyabrda tashkil etilgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) xalqaro moliyaviy tashkilot hisoblanadi. Uning bosh qarorgohi Pekin shahrida joylashgan. 2016-yil 1-yanvardan buyon OIIB prezidenti lavozimiga Szin Lisyun ishlab kelmoqda. Mazkur tashkilotga 105 mamlakat a'zo. Uning asosiy maqsadi Osiyo mintaqasida infratuzilma loyihalarini amalga oshirishni qo'llab-quvvatlashdan iborat.
OIIB tomonidan O'zbekistonda turli sohalarda ko'plab loyihalar amalga oshirilmoqda.