Xitoy Buddaviylik assotsiatsiyasida O'zbekistondagi buddaviylik merosiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi.
Buddizm an'analariga muvofiq Pekindagi Guanszi ibodatxonasida Buddaning tug'ilgan kunini nishonlash marosimi bo'lib o'tdi.
Marosimda Xitoy Buddaviylik assotsiatsiyasi raisi Yan Szyue mamlakat bo'ylab barcha buddistlar jamoasiga bayram tabrigi yo'llagani holda buddaviylikning kelib chiqish tarixi, taraqqiy etishi va bugungi kunda Xitoy jamiyatidagi roli haqida atroflicha so'zlab berdi.
Tadbirda Xitoy din ishlari bo'yicha davlat boshqarmasi rahbariyati, Pekindagi 30 ga yaqin chet el diplomatik vakolatxonalari, OAV vakillari hamda mamlakatning turli hududlaridan kelgan 5000 dan ziyod buddistlar ishtirok etdi.
O'zbekiston elchixonasi diplomatlari Xitoy buddistlar assotsiatsiyasi raisi va tadbir ishtirokchilarini qadimgi O'zbekistondagi buddaviylik va yurtimiz buddaviylik yodgorliklari bilan batafsil tanishtirdilar. Shuningdek, yurtimizda millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglikni mustahkamlash va borasida olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil so'zlab berildi.
Xususan, 2022 — 2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham millatlararo totuvlik munosabatlarini mustahkamlash vazifalari belgilangani qayd etildi. Hozirgi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya, 2200 dan ortiq diniy tashkilotlar diniy bag'rikenglik asoslariga rioya qilgan holda o'zaro tinch-totuvlikda yashab kelayotgani ma'lum qilindi.
O'z navbatida, Xitoy buddistlar assotsiatsiyasi raisi Yan Szyue mamlakatimiz va xalqimiz haqida ko'plab ijobiy fikrlar eshitganini ta'kidlab, O'zbekistonning tinchligi va barqarorligi hamda uning xalqaro maydonda ortib borayotgan obro'-e'tibori va muvaffaqiyatlarini yuqori baholadi.
Tadbir so'nggida Xitoy tomoniga mamlakatimizda joylashgan buddizm obidalariga bag'ishlab chop etilgan xitoy tilidagi broshyuralar taqdim etildi, shuningdek, Assotsiatsiya vakillari O'zbekistonga taklif qilindi.