Pekin Xalqaro biznes va iqtisodiyot universitetida madaniyat festivali bo'lib o'tdi.
Tadbirda universitet partiya qo'mitasi kotibi Xuan Baoin boshchiligidagi universitet rahbariyati ishtirok etib, ushbu oliygohning faoliyati va xalqaro hamkorligi borasida atroflicha nutq so'zladi.
Unda Xitoydagi 45 ta chet el diplomatiya vakolatxonalari, 30 dan ziyod OAV vakillari, professor-o'qituvchilar hamda 49 ta mamlakatdan kelib ushbu oliygohda tahsil olayotgan xorijlik va mahalliy 2000 ga yaqin talabalar ishtirok etdi.
Madaniy festivalda Xitoydagi elchixonamiz vakillari ushbu oliygohda tahsil olayotgan vatandosh talabalar bilan birgalikda ishtirok etib, O'zbekiston madaniyati va turistik salohiyatini keng namoyish etdi. Milliy kuy-qo'shiqlarimiz va raqslarimiz namoyish etildi. Milliy taomlarimiz tayyorlanib, mehmonlarga ulashildi.
O'zbekiston diplomatlari tadbir ishtirokchilarini mamlakatimizda so'nggi yillarda fan, ta'lim, madaniyat, sport va turizm sohalarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va mazkur yo'nalishlarda erishilgan ijobiy natijalar bilan batafsil tanishtirdilar.
Tadbir chog'ida, universitet rahbariyatiga ushbu oliy ta'lim muassasada o'qish uchun O'zbekiston fuqarolariga grantlar va stipendiyalar taqdim etib kelinayotganligi uchun minnatdorchilik bildirildi.
Kelgusida ham ta'lim va ilmiy tadqiqotlar sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish hamda talabalar, o'qituvchilar va ilmiy xodimlar o'rtasida almashinuvlarni yana-da kengaytirishga kelishib olindi.
Festival ishtirokchilariga O'zbekistonni yana-da kengroq tanitishga hamda yurtimizga xitoylik sayyohlar oqimi oshishiga xizmat qiluvchi xitoy va ingliz tillarida chop etilgan targ'ibot materiallari tarqatildi.