Mamlakatimiz elchixonasida "O'zbekiston va Xitoy: bolajonlar muloqoti" madaniy tadbiri o'tkazildi.
Unda Xitoy maktab o'quvchilari va ularning ota-onalari, elchixona xodimlari va ularning oila a'zolari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirdan maqsad O'zbekiston va Xitoy bolalarini ikki xalq madaniyati, san'ati va urf-odatlari bilan yaqindan tanishtirish hamda ular o'rtasida do'stona muloqotni shakllantirishdan iborat bo'ldi.
Xitoylik bolajonlarga yurtimizning tarixi va madaniyati, milliy taomlari, Ibn Sino, Al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug'bek kabi buyuk allomalarimiz va ularning dunyo ilm-faniga qo'shgan hissasi haqida ma'lumot berildi.
Bundan tashqari, mamlakatimizning Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlari haqida so'zlab berildi, fotosuratlar va videoroliklar namoyish etildi. Shuningdek, hozirgi kunda O'zbekiston yoshlari sportning turli yo'nalishlarida xalqaro musobaqalarda yuqori o'rinlarni egallab kelayotgani aytib o'tildi.
Yig'ilganlarga O'zbekiston yoshlarining xitoy tilini o'rganishga bo'lgan qiziqishi ortib borayotgani ta'kidlandi. Xitoy maktab o'quvchilari o'zbekistonlik tengdoshlari oldida she'rlar o'qidilar, Xitoy milliy raqs va musiqalarini ijro etdilar. O'zbekiston bolalari ham milliy kuy-qo'shiq, raqs va she'rlar ijro etib, xitoylik do'stlarini xursand qilishdi.
Xitoylik bolajonlarga "salom", "do'st", "yaxshi" kabi o'zbekcha so'zlar o'rgatildi. Bolajonlar o'rtasida viktorina ham o'tkazildi.
Tadbir yakunida bolajonlar o'zbek milliy taomlari va shirinliklaridan bahramand bo'lishdi.