Pekin til va madaniyat universitetida 19-Butunjahon xalqaro madaniyat festivali bo'lib o'tdi.
Madaniy festivalning ochilish marosimida universitet prezidenti Duan Pen ishtirokchilarni bayram bilan qutlab, universitet faoliyati va uning xalqaro hamkorlik aloqalari haqida ma'lumot berdi.
Festivalda universitet professor va o'qituvchilari, Pekindagi 50 ga yaqin diplomatik vakolatxonalar xodimlari, 30 dan ziyod OAV vakillari va blogerlar, 103 ta mamlakatdan kelib tahsil olayotgan xorijliklar, xitoylik talabalar va mahalliy aholi vakillari ishtirok etdi.
Yig'ilganlar xorijlik talabalar tomonidan namoyish etilgan taqdimotlarni kuzatib, dunyo madaniy xilma-xilligi va madaniy integratsiyasining cheksiz jozibasidan bahramand bo'ldilar.
Tadbirda O'zbekiston elchixonasi diplomatlari universitet rasmiylari va chet ellik hamkasblari bilan samimiy suhbatlashib, mazkur anjuman xalqaro talabalar uchun o'zaro urf-odatlar, an'analar va madaniyatlarni yaxshiroq tushunishda muhim platforma bo'lib xizmat qilishini ta'kidladilar.
Bayram tadbiri doirasida ushbu oliygohda tahsil olayotgan vatandosh talabalar bilan birgalikda O'zbekiston milliy burchagi tashkil etildi. Unda mamlakatimiz madaniyati va sayyohlik salohiyati targ'ib qilindi.
Ishtirokchilarga so'nggi yillarda O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi ta'lim, fan, madaniyat, xalq diplomatiyasi, sport va turizm sohalaridagi hamkorlik aloqalari jadallashgani ta'kidlandi.
Suhbatlar chog'ida, shuningdek, "O'zbekiston – 2030" strategiyasida ham jamiyatda millatlararo totuvlik muhitini mustahkamlash va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalarini rivojlantirish muhim maqsadlar sifatida belgilanganligi qayd etildi.
Jumladan, 2023-yil oktyabr oyida O'zbekistonda, 2024-yil yanvar oyida esa Xitoyda ikki mamlakat madaniyat kunlari hamda joriy yil 22-yanvar kuni Pekin shahrida 100 dan ortiq universitetlar ishtirokida O'zbek-Xitoy ta'lim forumi muvaffaqiyatli o'tkazilganligi ma'lum qilindi.
Shu o'rinda, O'zbekiston va Xitoy o'rtasida oliy ta'lim sohasidagi munosabat kelgusida ham izchil rivojlanib borishi va bu aloqalar mamlakatimiz Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi bilan XXR ta'lim vazirligi o'rtasida imzolagan "Oliy ta'lim sohasidagi hamkorlik to'g'risida"gi bitimga asoslanishi bayon etildi.
Tadbir so'nggida, O'zbekiston diplomatlari tomonidan universitet kutubxonasiga Alisher Navoiy qalamiga mansub she'r va g'azallar to'plamidan iborat xitoy tiliga tarjima qilingan kitoblar hadya qilindi.