Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasida O'zbekiston madaniyati va turizmi salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi.
Tadbir ikki mamlakat davlat rahbarlari tomonidan 2023-yil 18-may kuni Sian shahrida imzolangan Qo'shma bayonot, shuningdek, 2023-2027-yillarga mo'ljallangan O'zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o'rtasida yangi davrda har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish dasturi hamda davlatimiz rahbarining 2024-yil 23-25-yanvar kunlari Xitoyga amalga oshirgan tashrifi chog'ida tomonlar o'rtasida erishilgan kelishuvlar ijrosi doirasida tashkil etildi.
Unda Xitoyning yetakchi sayyohlik kompaniyalari, madaniyat, turizm va san'at, OAV vakillari va taniqli blogerlar ishtirok etdi.
Tadbirda so'z olgan elchixona diplomatlari O'zbekiston madaniyati va turizm salohiyatini keng targ'ib qilish barobarida, mamlakatlarimiz o'rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarga atroflicha to'xtalib o'tdilar.
Xususan, ushbu anjuman tomonlar o'rtasidagi do'stlik rishtalari, madaniyat va turizm aloqalari, ilm-fan almashinuvi hamda xalq diplomatiyasi rivojlantirishga xizmat qilishi ta'kidlandi.
Yig'ilganlarga hozirgi kunda 91 ta xorijiy davlat fuqarolari uchun O'zbekistonga vizasiz kirish huquqi berilganligi, 57 ta mamlakat fuqarolari yurtimizga kirish uchun e-visa.gov.uz portali orqali elektron viza olish imkoniyatiga ega ekanligi hamda 48 ta mamlakat fuqarolari uchun besh kungacha vizasiz tranzit kirish, vaqtincha bo'lish va O'zbekistondan chiqish tartibi joriy etilgani bayon etildi.
2021-yilning 1-martidan boshlab O'zbekistonda xitoyliklar uchun 10 kungacha vizasiz rejim mavjudligi va sayyohlik maqsadida keluvchi 55 yoshga to'lgan Xitoy fuqarolari 30 kun muddatda hamda 16 yoshga to'lmagan Xitoy fuqarolari 90 kundan ortiq bo'lmagan davrda mamlakatimizda vizasiz bo'lish huquqiga ega ekanlini aytib o'tildi.
Yig'ilganlar uchun o'zbek milliy taomi palov tayyorlash jarayoni ko'rsatildi. Shuningdek, o'zbek kuy-qo'shiqlaridan iborat madaniy dastur taqdim etildi. Xitoy vakillariga O'zbekistondagi buddizm obidalariga bag'ishlab maxsus jurnal taqdim etildi.
"Shaanxi Baiyuan Shengong Human Resources" kompaniyasi menejeri Chjan Minszyuan:
— Bugun biz O'zbekistonning Pekindagi elchixonasida mamlakatingiz sayyohlik imkoniyatlariga bag'ishlab o'tkazilayotgan taqdimotda qatnashdik. Tadbir davomida O'zbekiston tomonidan sayyohlar uchun tavsiya etilayotgan yangi yo'nalishlar, ushbu sohada mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishdik.
Bugun Xitoy va O'zbekiston o'rtasida turli sohalarda o'zaro hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib bormoqda. O'zbekiston madaniyati, urf-odatlari, tarixi va sayyohlik imkoniyatlari turizm yo'nalishidagi aloqalarimizni yanada mustahkamlashga imkon beradi.
"Meiya Silk Road Travel" turizm kompaniyasi direktori Son Livey:
- Kompaniyamiz O'zbekiston tomoni bilan yaqindan hamkorlik qilib keladi. Biz xitoylik sayyohlar tomonidan mamlakatingizning boy madaniyati va tirixi bilan yaqindan tanishishga bo'lgan qiziqishining ortib borayotganini ko'rib turibmiz.
Elchixonada o'tkazilgan bugungi tadbir davomida yurtingizdagi sayyohlik sohasidagi o'zgarishlar haqida ko'plab yangi ma'lumotlarni oldim. Ko'p marotaba O'zbekistonda bo'lganman. Yurtingiz madaniyati va arxitekturasi juda go'zal, odamlari esa samimiy va mehmondo'st.
O'zbekistonda ziyorat turizmi uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Mamlakatingizdagi qadimiy buddizm obidalari sayyohlar e'tiborini o'ziga tortmoqda.
Elchixona tashabbusi bilan O'zbekistondagi buddizm imkoniyatlariga bag'ishlab chop etilgan maxsus jurnal bugun ishtirokchilarda katta qiziqish uyg'otdi.
Kompaniyamiz O'zbekiston turizmini rivojlantirish va mamlakatingizga xitoylik sayyohlar oqimini ko'paytirishga hissa qo'shishdan behad mamnun.
Malayziyalik talaba Mey Teo:
— O'zbekistonlik do'stlarim tomonidan yurtingiz madaniyati va turizm imkoniyatlariga bag'ishlangan tadbirda ishtirok etish uchun yurtingiz elchixonasiga taklif etilganimdan juda baxtiyorman.
O'zbekistondan kelib Xitoyda ta'lim olayotgan do'stlarimiz bilan ko'p bora mamlakatingiz madaniyati, milliy taomlari, kiyim-kechaklari va urf-odatlari haqida suhbatlashganmiz.
Mening O'zbekistonga bo'lgan qiziqishim tobora ortib bormoqda. Bugungi tadbir orqali men barcha eshitganlarimni ko'rish va his etish imkoniga ega bo'ldim. O'zbek milliy san'ati, kuy-qo'shiqlari va taomlari menga juda yoqdi.
Kelgusida, albatta O'zbekistonga boraman. Shuningdek, yurtingiz madaniyati va sayyohlik imkoniyatlari bilan malayziyalik yoshlarni tanishtirmoqchiman.
Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki vakili In Chjan:
- Ushbu tadbirda ishtirok etganimdan juda hursandman. Mamlakatingizning boy tarixiy, madaniy va sayyohlik salohiyati meni hayron qoldirdi.
Mamlakatlarimiz o'rtasidagi aloqalar ko'p asrlik tarixga ega bo'lib, qadimgi Ipak yo'li davridan beri davom etib kelmoqda. Tadbirga yig'ilgan xitoyliklar O'zbekiston tarixi, an'analari, urf-odatlari haqida ko'plab ma'lumotlarni oldi, desam adashmayman.
Men ham kelgusida O'zbekistonga borishni va u yerdagi tarixiy hamda madaniy go'zallikni, mamlakatingizning ulkan turizm salohiyatini ko'rishni niyat qildim.