Xorazm viloyati delegatsiyasining Xitoyga tashrifi doirasida Guansi Chjuan avtonom hududining Nannin shahrida Xorazmning savdo-iqtisodiy, investitsion va turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi.
O'zbekiston elchixonasi, Guanchjoudagi Bosh konsulxonasi, Guansi Chjuan avtonom hududi va Xalqaro savdoni rivojlantirish assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda mazkur hududning 200 ga yaqin kompaniyalari, savdo-iqtisodiy va turistik uyushmalari, ishbilarmon doiralari va OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi O'zbekiston va Xitoy hududlari o'rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiya, qishloq xo'jaligi, qurilish, tekstil va turizm sohalaridagi hamkorlik va almashinuvlarni yanada kengaytirishdan iborat bo'ldi.
Xorazm viloyatning savdo-iqtisodiy jihatdan jozibadorligi, turizm salohiyati hamda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoit va afzalliklar yuzasidan batafsil taqdimot o'tkazildi. Ishtirokchilar viloyatda tashkil etilgan erkin iqtisodiy va sanoat zonalarida yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirdilar. Shuningdek, Xorazm viloyatining turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi va video roliklar namoyish etildi.
Tadbirda so'zga chiqqan Xalqaro savdoni rag'batlantirish Guansi qo'mitasi raisi Yang Yanyan O'zbekiston Xitoyning muhim savdo hamkori ekanligini ta'kidladi. "Guansi Chjuan avtonom hududi va O'zbekiston uskunalar ishlab chiqarish, mineral resurslar, yangi energetika, qishloq xo'jaligi texnologiyalari, paxta yigirish, turizm kabi sohalarda hamkorlik qilish uchun katta imkoniyatlarga ega", dedi u.
Tadbir davomida O'zbekiston va Xitoy biznes vakillari o'rtasida B2B va G2B shaklida muzokaralar tashkil etildi. O'tkazilgan tor doiradagi uchrashuvlarda turli sohalarda o'zaro manfaatli hamkorlik yo'nalishlarida loyihalarni amalga oshirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi. Xususan, Xalqaro savdoni rag'batlantirish Guansi qo'mitasi va Xorazm viloyati Savdo-sanoat palatasi o'rtasida o'zaro hamkorlik bo'yicha memorandum imzolandi.
Eslatib o'tamiz, Xorazm viloyati delegatsiyasining Xitoyga tashrifi doirasida, shuningdek, Pekin va Sian shaharlarida ham O'zbekiston va Xitoy o'rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirishga bag'ishlangan taqdimotlar o'tkazildi.
Guansi Chjuan avtonom hududi Xitoyning Janubiy qismida joylashgan bo'lib, aholisi 50 million kishidan oshadi. Administrativ markazi va yirik shahri Nannin hisoblanadi. 2023-yilda yalpi ichki mahsuloti hajmi 400 milliard dollarga yaqin bo'ldi. Mazkur hudud tropik mevalar yetishtirish bo'yicha Xitoyda birinchi o'rinda turadi.