Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Pekinda vatandoshlar ishtirokida "Olam nurga to'lsin sen bilan, Navro'z!" shiori asosida Navro'z sayillari o'tkazildi



O'zbekistonning Pekindagi elchixonasida Navro'z ayyomi munosabati bilan bayram sayillari tashkil etildi.

"Olam nurga to'lsin sen bilan, Navro'z!" shiori asosida o'tkazilgan tadbirda Xitoyda ta'lim olayotgan, mehnat faoliyati bilan shug'ullanayotgan vatandoshlar, ushbu mamlakat madaniyat va OAV vakillari hamda o'zbek tilini o'rganuvchi xitoylik talabalar qatnashdi.

Ishtirokchilarga Navro'zning kelib chiqish tarixi, xususan ushbu bayram bilan bog'liq an'analar haqida ma'lumot berildi, shuningdek, ushbu ayyom xalqimiz uchun sharqona yangi yilning boshlanishi, eng qadimiy, asl milliy, eng ardoqli bayram sanalishi ta'kidlandi.

Tantanali marosim davomida vatandoshlar o'rtasida futbol bo'yicha musobaqa o'tkazildi, o'zbek milliy madaniyati an'analari namoyish etildi, bolalar uchun alohida konkurslar va an'anaviy o'yinlar tashkil etildi.

Mamlakatimizda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning mazmun-mohiyati hamda O'zbekiston-Xitoy hamkorligining bugungi rivoji haqida aytib o'tildi.

Iste'dodli xonanda, "Zulfiya" nomidagi davlat mukofoti sovrindori Shirin Abdullayeva ijrosidagi o'zbek kuy-qo'shiqlari barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Shuningdek, mehmonlar uchun bayramona dasturxon yozilib, o'zbek milliy taomlari ulashildi.

Pekin texnologiyalar universiteti talabasi Behruzbek Abdunodirov:

— Bugun mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi tashabbusi tashkil etilgan Navro'z bayramini vatandoshlarimiz bilan ahillikda, shodu-xurramlikda va yuqori kayfiyatda o'tkazgamizdan judayam xursandman.

Aytish kerakki, biz elchixonamiz tomonidan milliy bayramlarimiz va muhim sanalarga bag'ishlab tashkil etilayotgan tadbirlarda faol ishtirok etamiz.

An'anaga ko'ra, vatandoshlar o'rtasida futbol musobaqasi tashkil etildi. Shuningdek, milliy kuy-qo'shiqlarimizni tingladik, milliy taomlarimizdan palov, somsa va boshqalardan bahramand bo'ldik. Milliy taomlarimizning mazali ta'mi hatto xitoylik do'stlarimizni ham lol qoldirdi.

Bolajonlar tomonidan namoyish etilgan milliy o'yinlarimiz bayramga o'ziga xos ko'rk bag'ishladi.

Vatanimizdan yiroqda bo'lishimizga qaramay milliy an'analarimiz bilan hamnafas bo'lish bizga katta mamnuniyat bag'ishlaydi.

Markaziy millatlar universiteti talabasi Muhammadjon Raimov:

— Bugun biz Xitoyda bo'lib turgan vatandoshlar xalqimizning aziz bayrami — Navro'zi olamni birgalikda nishonlash uchun yig'ildik. Bayram juda ko'tarinki ruhda o'tdi. Bu yerda biz ko'plab yangi do'stlar orttirdik, vatanimizga oid yangiliklar bilan o'rtoqlashdik.

Tadbir davomida elchixona tomonidan tashkil etilgan futbol bo'yicha musobaqada qatnashib, faxrli o'rinni qo'lga kiritdik.

Fursatdan foydalanib, barcha vatandoshlarimizni Navro'z ayyomi bilan muborakbod etaman.

Shimoliy Xitoy energetika universiteti talabasi Samandar Sadilloyev:

- Barcha vatandoshlarimizni Navro'z ayyomi bilan samimiy tabriklayman. Ushbu qutlug' kunni keng nishonlash maqsadida Xitoyda ta'lim olayotgan va mehnat faoliyati bilan shug'ullanayotgan vatandoshlar bilan elchixonamizga yig'ildik.

Biz uchun bugungi kun o'zgacha bo'ldi. Chunki o'zimizni yana bir bor ona Vatanimizda yurgandek his qildik. Biz mamlakatimizdagi so'nggi yangiliklar, turli sohalardagi o'zgarish va yangilanishlar haqida fikr almashdik.

Milliy o'yinlarimiz, musiqa, kuy-qo'shiqlarimiz va taomlarimizdan bahramand bo'ldik. Bayram tadbirlarini yuqori darajada tashkil qilgani uchun O'zbekiston elchixonasi xodimlariga minnatdorlik bildiramiz.



  ...