Mamlakatimiz elchixonasi va Shanxay shahridagi Bosh konsulligi tomonidan Xitoyning yetakchi oliy o'quv yurtlaridan biri - Fudan universitetida O'zbekistonning zamonaviy taraqqiyotiga bag'ishlab taqdimot o'tkazildi.
Tadbirda universitet rahbariyati, professor-o'qituvchilar, talabalar va vatandoshlar qatnashdi.
Ishtirokchilarga O'zbekistonning hozirgi bosqichdagi taraqqiyoti va yurtimizda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning mazmun-mohiyati haqida batafsil so'zlab berildi. Davlatimiz tomonidan yoshlarning ta'lim olishi va o'z bilimlarini hayotga tatbiq etishi uchun yaratib berilayotgan shart-sharoitlar ta'kidlandi.
O'zbekiston madaniyati, qadimiy shaharlar, turizm salohiyati, shuningdek, O'zbekiston-Xitoy o'rtasidagi hamkorlikning bugungi holati alohida urg'ulandi.
Shanxayning Fudan universiteti 1905-yilda tashkil etilgan bo'lib, Xitoyning eng nufuzli universitetlari sirasiga kiradi. So'nggi yillarda universitet turli xalqaro reytinglarda dunyoning yetakchi 100 oliy ta'lim muassasalari ro'yxatidan muntazam joy egallab kelmoqda. Bugungi kunda universitetda 50 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda. Ulardan 3 ming nafari xorijlik talabalar hisoblanadi. Universitet tarkibida 17 ta institut va 69 ta fakultet mavjud.