O'zbekistonning Pekindagi elchixonasida «Samarqand hikoyasi» kitobining taqdimoti bo'lib o'tdi.
Tadbirda Xitoy akademik doiralari vakillari, sayyohlik kompaniyalari rahbarlari, shuningdek, Xitoyning yetakchi ommaviy axborot vositalari va vatandoshlari qatnashdi.
Ushbu kitob bir guruh o'zbek olimlari tomonidan tayyorlanib, Xitoyning Chet tillardagi adabiyotlarni nashr etish va tarqatish boshqarmasi ko'magida «New Star Press Co, Ltd» nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan xitoy tilida chop etildi.
Taqdimot ishtirokchilariga kitob Buyuk ipak yo'lining durdonasi sifatida jahonga mashhur bo'lgan qadimiy Samarqand shahri tarixiga bag'ishlanganligi haqida ma'lumot berildi. U tarixiy xronologik tartibda shaharning paydo bo'lishidan to hozirgi kungacha bo'lgan ming yillik tarixni tasvirlaydi. Kitobda Samarqand va Xitoy hamda Buyuk ipak yo'li o'rtasidagi tarixiy bog'liqlik haqida ham hikoya qilinadi.
Samarqand Buyuk ipak yo'lining jahonga mashhur durdonasi sifatida Osiyo va Yevropa o'rtasida o'zaro savdo, texnologiyalar, g'oyalar va madaniy qadriyatlar almashinuviga katta hissa qo'shgan ushbu afsonaviy yo'lning shonli o'tmishi yodgorligi ekanligi ta'kidlandi.
Taqdimotda so'zga chiqqanlar bugun Samarqand yirik xalqaro ahamiyatga molik tadbirlar o'tkaziladigan joy sifatida e'tirof etilayotganini alohida qayd etdilar. Xususan, 2022-yil sentyabr oyida ushbu qadimiy shaharda Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi yig'ilishi yuqori saviyada bo'lib o'tdi.
Xitoyning Chet tillardagi adabiyotlarni nashr etish va tarqatish boshqarmasi vitse-prezidenti Yuy Tao o'z chiqishida Samarqand O'zbekistonning ikkinchi yirik shahri va qadimiy Ipak yo'lidagi muhim markazlardan biri ekanini ta'kidladi.
- O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Samarqand hikoyasi» kitobining muqaddimasida yozganidek, bu qadimiy va navqiron shahar, betakror sharqona ertak, rang-barang, qadimiy va muhtasham tarixiy diqqatga sazovor joylarga ega voha, jahon sivilizatsiyasi beshiklardan biridir, - dedi u. - «Samarqand hikoyasi» ikki mamlakat o'rtasidagi madaniy almashinuvning muhim vositasiga aylanishiga ishonaman. Ushbu kitobning Xitoyda nashr etilishi bilan bu shahar haqida ko'proq ma'lumotga ega bo'lish uchun ko'proq xitoyliklar mazkur qadimiy kentga yo'l olishlariga ishonaman.
«New Star Press Co, Ltd» nashriyot-matbaa ijodiy uyi prezidenti Ma Juszyun o'z nutqida qadimiy Ipak yo'li Xitoy va O'zbekiston o'rtasidagi azaliy do'stlikdan dalolat berishini ta'kidladi.
- «Dunyo ko'zgusi va ko'ngil bog'i» nomi bilan mashhur bo'lgan Samarqand Xitoy va butun dunyoni bog'lovchi, tarix va zamonaviylik uyg'unlashgan yo'lning durdonasi bo'lib, hozir kunda butun jahonga mashhur ilmiy-madaniy markazga aylandi, - deya qayd etdi Ma Juszyun. - «Samarqand hikoyasi» kitobi «Ipak yo'lidagi yuz shahar tarixi» keng qamrovli turkumining muhim nashridir. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ushbu kitobga so'zboshi yozgani va Ushbu kitobning nashr etilishi O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga, ikki davlat o'rtasidagi madaniy almashuvlarni rivojlantirishga va xalqlarimiz o'rtasidagi masofani yanada qisqartirishga xizmat qilishini yuksak baholagani uchun alohida minnatdorlik bildiraman.
Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi o'rinbosari Soxayl Xon:
– Bugun O'zbekiston elchixonasida Samarqand haqidagi kitob taqdimotida ishtirok etish menga katta mamnuniyat bag'ishlaydi. Bu yerda men ushbu go'zal shahar haqida juda ko'p qiziqarli va foydali ma'lumotlarni oldim.
Ta'kidlash joizki, Samarqand nafaqat O'zbekiston, balki butun dunyo, jumladan, Pokistonning ham faxri hisoblanadi. Tarixiy davrlardan ilm-fan, madaniyat va ta'lim markazlari haqida gap ketganda ko'pchilik birinchi galda Samarqandni yodga oladi.
2022 va 2023-yillarda ushbu shaharda ShHTga a'zo davlatlar rahbarlari sammiti, YTTB sammiti va boshqa muhim tadbirlar o'tkazildi. Samarqand bugungi kunda dunyoning turli burchaklaridan kelgan olimlar va siyosatchilarni birlashtirgan muloqot va xalqaro kun tartibidagi masalalarni muhokama qilish markazi bo'lib xizmat qilayotganini isbotladi.
O'zbekistonning ShHT davlatlari orasida o'ziga xos xususiyatlari biri – bu Ipak yo'lidagi barcha marvaridlari o'z bag'riga olganidadir.
Pekin xalqaro muloqotlar klubi bosh kotibi Han Xua:
– O'zbekiston men uchun qalbimga yaqin davlat. O'tgan yili Toshkent va Samarqandda bo'ldim. Turli sivilizatsiyalar chorrahasi, muhim tarixiy voqealar guvohi bo'lgan Samarqandga doim qoyil qolaman. Samarqand nafaqat tarixiy, balki zamonaviy shahardir. Keyingi yillarda bu yerda zamonaviy bino va inshootlar barpo etildi.
O'zbekiston–Xitoy iqtisodiy munosabatlarini rivojlantirish uchun ham ulkan imkoniyatlar mavjud.
Bugun biz mamlakatlarimiz va hududlarimiz o'rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda qanday jadal rivojlanayotganini ham ko'rib turibmiz. Bu xalqlarimiz va mamlakatlarimiz farovonligiga xizmat qilishi shubhasiz.