Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Bandlik va tadbirkorlik sohalaridagi takliflar muhokama qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-yanvar kuni aholi bandligini oshirish hamda tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. 

Rasmiy statistikaga ko‘ra, yurtimizda ishsizlar soni 1 million 300 ming nafarni tashkil qiladi. Bu yil yana 2 million 400 ming aholi mehnat bozoriga kirib keladi.

Shularni inobatga olib, sifatli va yuqori daromadli ish o‘rinlari hisobiga joriy yilda 5 million aholining bandligini ta’minlash maqsad qilingan. Jumladan, xizmatlar sohasida 2,5 million, qishloq xo‘jaligida 2,1 million, investitsiya loyihalari va sanoatda 250 ming, qurilishda 140 ming ish joyi yaratish imkoniyati bor.

Bundan tashqari, zamonaviy moliyaviy instrumentlar, jumladan, mikromoliyalashning yangi tizimini keng joriy qilish orqali 2 million aholini biznesga jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.

Taqdimotda mutasaddilar 2024-yilda yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish dasturi bo‘yicha axborot berdi.

Davlatimiz rahbari bu dasturni ma’qullab, uni amalga oshirish yuzasidan qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.

So‘nggi yillarda 2 million 400 ming aholi o‘zini o‘zi band qilgani ta’kidlanib, endi ularning faoliyatini kengaytirish, bosqichma-bosqich kichik biznesga o‘tkazish va bozor topishiga ko‘maklashish muhimligi aytildi. “Mening biznesim” platformasi, “Biznesga birinchi qadam” bank kartalari joriy etilishi buning uchun qulaylik yaratadi.

Iqtisodiy aylanmaga kiritilmagan yerlarni infratuzilmaga ulash, loyihalarni ishga tushirish uchun tashabbuskorlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligi qayd etildi. “Agregator” tizimi asosida “100 ming eksportchi dehqon” dasturi joriy qilinib, bu yil 15 ming gektar yer maydonlari auksionga chiqarilishi belgilandi.

Mehnat stajiga ega bo‘lmagan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish, ijtimoiy reyestrdagi fuqarolarni ishga olgan korxonalarga soliq bo‘yicha yengilliklar qo‘llash muhimligi ham aytib o‘tildi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha qo‘shimcha zaxira va imkoniyatlarni aniqlash vazifasi qo‘yildi.

Taqdimotda tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash tartibini soddalashtirishga oid takliflar ham ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, bu yil yurtimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilindi. Biznesni yuritish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsad qilingan.

Aytish joizki, shu paytgacha tadbirkorlardan mavjud ma’lumotlarni qo‘shimcha ravishda talab qilish holatlari bor edi. Joriy yildan boshlab 34 turdagi hisobotlar bekor qilinmoqda. Buning natijasida har yili 21 mingdan ortiq tadbirkorning 500 million so‘m xarajati tejaladi.

O‘zi umuman, tadbirkorlar tomonidan taqdim etiladigan hisobotlarning yagona ro‘yxati tasdiqlanmagan. Shu bois davlatimiz rahbari yagona hisobotlar tizimini joriy qilish bo‘yicha topshiriq berdi.

Shuningdek, tadbirkorlarga majburiy talablarni qisqartirish maqsadida 16 ta litsenziya va ruxsatnomani bekor qilish lozimligi belgilandi.

Bu borada berilayotgan yengilliklarni tadbirkorlarga yetkazish, ularning takliflarini doimiy o‘rganib, statistik hisobotlarni yanada maqbullashtirib borish vazifasi qo‘yildi.



  ...