Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Qishga tayyorgarlik bo‘yicha vazifalar ijrosi muhokama qilindi



Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 12-dekabr kuni qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha vazifalarning bajarilish holati muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ma’lumki, o‘tgan qishdagi sovuqdan kelib chiqib, bu mavsumga jiddiy tayyorgarlik ko‘rildi. Ichki imkoniyatlar to‘la ishga solinib, tarmoqlar modernizatsiya qilindi. Muassasa, korxona va mahallalardagi kamchiliklar bartaraf etildi.

Qo‘shimcha energetika quvvatlarini yaratish bo‘yicha tizimli ishlar tashkil etildi. Natijada qisqa vaqtda 675 megavatt ishga tushirildi, yil yakuniga qadar 2,2 ming megavattli 7 ta stansiya ishga tushiriladi. Shuningdek, 100 ta podstansiya, 11,5 mingta transformator va 34 ming kilometr tarmoqlar yangilandi.

Toshkent shahrida aholi ko‘pligi va talab yuqoriligi bois bu masalaga alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, poytaxtimizda jami quvvati 286 megavattga teng 2 ta yangi podstansiya qurildi. 228 ta transformator, 1 ming 130 kilometr tarmoqlar yangilandi. 260 kilometr yuqori kuchlanishli kabel tarmoqlari tortildi.

Davlatimiz rahbari bu ishlarni davom ettirib, dastur doirasida rejalashtirilgan ishlarni qisqa muddatlarda yakuniga yetkazish zarurligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda ayrim hududlarda energetika tizimida kuzatilayotgan muammolar muhokama qilindi. Prezidentimiz ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlarga alohida e’tibor qaratdi.

Masalan, Namangan viloyatidagi gaz quyish shoxobchalarida gaz kamaygan. Andijon viloyatining Baliqchi, Paxtaobod, Marhamat va Andijon tumanlarida havo sovushi bilan elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar ko‘paygan. Qashqadaryo viloyati G‘uzor va Kasbi tumanlarida chiroq ko‘p o‘chayotgani  ma’lum qilingan.

Davlat rahbari bunday kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida oldini olish lozimligi yana bir bor ta’kidlab o‘tdi. Elektr tarmoqlari va gaz ta’minoti mutasaddilariga avariya brigadalarini shay holatga keltirib, tunu kun ishlashini ta’minlash, zarur vosita va materiallar zaxirasini ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Bu yil ko‘mir ta’minotida ham yangi tizim yo‘lga qo‘yildi. O‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 5 million 900 ming tonna ko‘mir qazib chiqarildi. Aholiga 930 ming tonna, ijtimoiy soha uchun qo‘shimcha 93 ming tonna ko‘mir yetkazildi.

Hududlardagi omborlarda turgan ko‘mirni aholiga va ijtimoiy sohaga yetkazilishini kundalik nazoratga olish, isitish tizimi davlat-xususiy sherikka o‘tkazilgan obyektlarda zarur ko‘mir zaxirasini yaratish kerakligi aytildi.

Energiya resurslaridan oqilona foydalanish, qonunga xilof holatlarni cheklash muhimligi ham ko‘rsatib o‘tildi.

Bugundan boshlab barcha huquq tartibot organlari va ijtimoiy infratuzilma xizmatlari 24 soatlik ish tartibiga o‘tishi belgilandi.

Yig‘ilishda Yangi yil bayrami oldidan aholi farovonligi uchun sharoitlarni yanada yaxshilash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Madaniy tadbirlar yuqori darajada o‘tkazilishi, ko‘ngilochar dasturlar va xizmatlarni ko‘paytirilishi qayd etildi. Shuningdek, bozorlarda arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etiladi. Narx-navolarni asossiz oshirishga urinish Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olinadi.

Shuningdek, jamoat transportlarining barqaror qatnovini ta’minlash, metro va avtobuslarda aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish muhimligi ta’kidlandi. Bekatlarda sharoitlarni yaxshilash, yo‘llarni tozalash va harakat xavfsizligini oshirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Yig‘ilishda qishga tayyorgarlik bo‘yicha Hukumat komissiyasi va boshqa mutasaddilarning hisoboti eshitildi.



  ...