Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Xitoyning Guandun provinsiyasi biznesi Yangi O'zbekistonni kashf etmoqda



Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi va Guanchjoudagi Bosh konsulligi tomonidan Guanchjou shahrida O'zbekiston-Xitoy biznes forumi tashkil etildi.

Tadbirda Guandun provinsiyasi vitse-gubernatori Chjan Sin, provinsiya iqtisodiy idoralari rahbarlari va yetakchi kompaniyalarning 170 nafardan ortiq vakili ishtirok etdi.

Xitoylik ishbilarmonlarga O'zbekistonning iqtisodiy salohiyati, sarmoyaviy muhiti va texnologik hamkorlik bo'yicha imkoniyatlari namoyish etildi. Elektronika va elektrotexnika, to'qimachilik va charm sanoati, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika va qishloq xo'jaligi sohalaridagi istiqbolli investitsiya loyihalari taqdimotiga alohida e’tibor qaratildi.

Biznes anjumanining ochilishida so'zga chiqqan provinsiya vitse-gubernatori Chjan Sin bugungi kunda Guandun 2,1 trillion dollarlik yalpi ichki mahsuloti va 1,2 trillion dollarlik tashqi savdo aylanmasi bilan ketma-ket sakkizinchi yil davomida rivojlanishning yuqori sur’atlarini namoyish etganini ta’kidladi.

"Iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida ilg'or qo'shma korxonalarni faol ravishda tashkil etish hamda texnologiya va innovatsiyalarga e’tibor qaratgan holda yangi investitsiya loyihalarini ilgari surish uchun katta sarmoyaviy salohiyatga ega O'zbekiston uchun Guandun imkoniyatlaridan foydalanish muhimdir", dedi u.

Vitse-gubernatorning aytishicha, bunday forumlar yaqindan o'zaro fikr almashishga ko'maklashadi, ishbilarmon doiralarning o'zaro manfaatlarini birlashtiradi. U hozir bo'lgan kompaniyalarni Guandun va O'zbekiston o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa yozilishi uchun O'zbekistonga faol sarmoya kiritishga da’vat etdi.

Biznes-forum davomida Toshkent shahrida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan birgalikda biotibbiyot sohasida yangi texnologiyalarni tadqiq etish va rivojlantirish institutining ochilish marosimi bo'lib o'tdi.

O'zbekiston sanoat boshqarmalari va viloyat hokimliklarining vakillari Xitoyning 60 dan ortiq yetakchi kompaniyalari - salohiyatli investorlar bilan ikki tomonlama muzokaralar o'tkazdilar.

Guandun provinsiyasining ishbilarmon doiralari o'zbekistonlik sheriklar bilan, xususan, Sirdaryo, Samarqand, Toshkent va Xorazm viloyatlarida amaliy hamkorlikni yo'lga qo'yishga qiziqish bildirishdi.

Biznes-forum nihoyasiga yetganidan so'ng "Dunyo" AA muxbiri anjumanning ayrim ishtirokchilari bilan suhbatlashdi.

"ORI Jun (Guangdong) Industrial Develorment Сo. Ltd" kompaniyasi prezidenti Albert Tam:

- Mamlakatlarimiz o'rtasidagi ko'p tomonlama hamkorlik va do'stona munosabatlar tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradigan ushbu O'zbekiston-Xitoy biznes-forumida ishtirok etish menga katta mamnuniyat bag'ishlaydi.

Shubhasiz, bunday tadbirlar vositasida O'zbekiston va Xitoy ishbilarmonlari o'z hamkorlarini topishlari, qo'shma loyihalar tuzishlari, faoliyatlarini kengaytirishlari mumkin bo'ladi.

Kompaniyamiz O'zbekiston bilan ham yaqin hamkorlik qiladi. Biz o'zbeklar yurtida biznesimizni kengaytirishni rejalashtirmoqdamiz.

Men mamlakatlarimiz xalqlari manfaati yo'lida o'zaro munosabatlarimizni yanada mustahkamlashga tayyorman.

"BGI Global Develorment" kompaniyasi vitse-prezidenti Terens Syun:

- Kompaniyamiz Shenchjendagi eng yirik kompaniyalardan biri bo'lib, uzoq vaqtdan beri o'zbekistonlik sheriklar bilan hamkorlik qilib kelmoqda.

Biz O'zbekistonda tibbiy laboratoriya ochdik, ilmiy-tadqiqot institutlari va shifoxonalarga yordam bermoqdamiz. Xususan, biz sog'liqni saqlash, skrining va saratonni barvaqt aniqlash ishlarida faoliyat ko'rsatayotirmiz.

So'nggi yillar davomida mamlakatlarimiz o'rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanmoqda. O'zbekiston biznesni rivojlantirish uchun juda ishonchli va istiqbolli mamlakat hisoblanadi.

Guanchjoudagi o'quv-tibbiy laboratoriyalarini barpo etish bo'yicha "HСLС" kompaniyasi bosh direktori Ven Gechji:

- Bugun bo'lib o'tgan O'zbekiston - Xitoy biznes-forumida Yangi O'zbekistonni kashf etganimni ta’kidlashni istar edim.

Yaratilgan sarmoyaviy imkoniyatlar, mamlakatingizning iqtisodiy salohiyati bilan batafsil tanishishga muvaffaq bo'ldim.

Bugungi tadbir davomida tibbiyot sohasida turli tadqiqotlar olib boradigan kompaniyamiz mamlakatingiz bilan ushbu sohada hamkorlik qilishi uchun katta imkoniyatlar mavjud ekanligiga amin bo'ldim. Biz o'zbekistonlik sheriklar bilan hamkorlik qilishga tayyormiz va bundan faqat mamnun bo'lamiz.

Guanchjou kommunikatsiyalar kompaniyasining vakili Yunxao Li:

- O'zbekiston - Xitoy biznes-forumida ishtirok etganimdan juda xursandman. O'zbekistonning geografik nuqtai nazardan o'ziga xosligi, ilmiy salohiyati, mamlakatdagi ta’lim tizimi kabi masalalar bo'yicha batafsil ma’lumotlarni oldik.

Biz O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish hamda uning ko'lamlarini kengaytirishdan manfaatdormiz.



  ...