Pekin Szyaotun universitetida xalqaro madaniyat festivali bo'lib o'tdi.
Tadbirda universitet vitse-prezidenti Chjao Pen ishtirok etib, ushbu oliy ta’lim muassasasi faoliyati va xalqaro aloqalari borasida atroflicha nutq so'zladi.
Madaniy festivalda Xitoydagi 40 ga yaqin chet el diplomatiya vakolatxonalari, 30 dan ziyod OAV vakillari va blogerlar hamda 2000 ga yaqin mahalliy va xorijiy professor-o'qituvchi va talabalar ishtirok etdi.
Mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi vakillari ushbu universitetda tahsil olayotgan vatandosh talabalar bilan birgalikda ishtirok etib, O'zbekiston madaniyati va sayyohlik salohiyatini keng targ'ib qildilar.
O'zbekiston milliy stendi tashkil etildi. Mehmonlarga o'zbek pazandachilik san’atini tanitish maqsadida Osh tayyorlandi va o'zbek milliy kuy-qo'shiqlari ijro etilib, an’anaviy liboslarimiz namoyish etildi. Shuningdek, diplomatlar tadbir ishtirokchilarini so'nggi yillarda hukumatimiz tomonidan mamlakatimizda turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari bilan tanishtirdilar.
Xususan, xitoylik sayyohlarni jalb qilish borasida mamlakatimizda yaratilgan imkoniyatlarga alohida to'xtalib o'tildi.
2021-yilning 1-martidan boshlab O'zbekistonda xitoyliklar uchun 10 kungacha vizasiz bo'lish tizimi yaratilgani va ayni vaqtda Xitoyning Pekin, Sian, Urumchi, Chendu shaharlaridan Toshkent va Samarqand shaharlariga haftasiga 16 marta avia qatnovlar yo'lga qo'yilgani ta’kidlandi.
Tadbir so'ngida ishtirokchilarga O'zbekistonni dunyoga yanada kengroq tanitish va mamlakatimizga xorijlik sayyohlar oqimi oshirishga xizmat qiladigan o'zbek, xitoy, ingliz tillarida chop etilgan materiallar tarqatildi.