Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Aholiga munosib turmush sharoitlari yaratish — islohotlarning asosi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlar rivoji bilan tanishish maqsadida 24-oktabr kuni Qashqadaryo viloyatiga keldi.

Davlatimiz rahbari butun faoliyati davomida har bir soha bo‘yicha bevosita joylarga chiqib, xalq bilan muloqot qilib, aholi hayotidan kelib chiqib ish yuritadi. Mamlakatimiz hududlariga tashriflardan asosiy maqsad — qishloq aholisining turmush darajasini ko‘tarish, tumanlarni sanoatlashtirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish, ijtimoiy sharoitlarni yaxshilash.  

Bu jihatlar Qashqadaryo viloyatiga tashrifda ham namoyon. Davlatimiz rahbari dastlab “Sulton tex group” klasterining to‘qimachilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Bu korxona umumiy qiymati 8 million 200 ming dollarlik loyiha evaziga o‘tgan yili ishga tushgan. Zamonaviy texnologiya va uskunalar samarasida yiliga 5 million dona tikuv-trikotaj mahsulotlari tayyorlash quvvati yaratilgan. 

E’tiborlisi, klaster “yangi mahsulot — yangi davlat” prinsipi asosida eksportni yo‘lga qo‘ygan. Bugungi kunda sifatli tovarlar Amerika Qo‘shma Shtatlari, Kanada, Polsha, Singapur, Rossiya kabi mamlakatlarga to‘liq eksport qilinmoqda. Daromad, ish unumdorligi ham shunga yarasha yuqori. Klasterda paxta yetishtirish va ishlab chiqarishning to‘liq zanjirida 3 mingga yaqin aholi mehnat qilmoqda. 

Prezident korxonadagi ish jarayoni bilan tanishdi. Bunday loyihalarning viloyat iqtisodiyoti va aholi bandligidagi ahamiyati haqida fikr bildirildi. Mutasaddilarga bu sohada imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

— Aholi, ayniqsa, qishloq joylardagi odamlarga munosib turmush sharoitlari yaratish islohotlarimizning asosi bo‘lishi kerak, — dedi Shavkat Mirziyoyev.  

Ma’lumki, Qashqadaryo viloyatida yurtimizdagi eng ko‘p paxta yetishtiriladi. Lekin uni qayta ishlash, tayyor mahsulotga aylantirish hajmi kam. Masalan, mato to‘qish va bo‘yash yo‘lga qo‘yilsa, tumanlarda qo‘shimcha 60 ming kishini band qilish mumkin.

Shu maqsadda “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi “Sulton staylz” korxonasida ham tatbiq etilmoqda. Amaliy monomarkaz tashkil etilib, ishsiz aholini to‘qimachilik kasbiga o‘rgatish yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu jarayon ikki bosqichli bo‘lib, avval xotin-qizlarga korxonadagi texnologiya va asbob-uskunalardan foydalanish, mehnat xavfsizligi qoidalari o‘rgatiladi. Keyingi bosqichda ular murabbiylarga biriktirilib, bevosita ish o‘rinlarida amaliy bilim va ko‘nikmalarni egallaydi.

Shu yerda davlatimiz rahbariga Shahrisabz, Kitob va Qamashi tumanlarida turizmni rivojlantirish loyihalari taqdimot qilindi. Qishloqlarda infratuzilmani yaxshilab, sayyohlik yo‘nalishlariga kiritib, aholi uchun daromad manbalarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.



  ...