Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasi huzurida tashkil etilgan “O‘zbek tili do‘stlari” klubining birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Tadbirda elchixona xodimlari va Xitoy oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan vatandoshlardan iborat klub aʼzolari ishtirok etishdi.
So‘nggi yillar davomida mamlakatimizda davlat tilini ravnaq toptirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga oid atroflicha maʼlumotlar tadbir ishtirokchilarining eʼtiboriga havola qilindi.
Xususan, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi, Davlat tili haqidagi qonunning qabul qilinishi va ularda belgilangan vazifalar milliy tilimiz taraqqiyotida yangi davrni boshlab bergani qayd etildi.
Shu o‘rinda, 2019 yil 21 oktyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyati haqida fikr yuritildi.
Mazkur xujjat asosida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan besh jilddan iborat “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitobi chop etilganligi ham tilga olindi. Mazkur to‘plam 80 mingdan ortiq so‘z va so‘z birikmalaridan iboratligi, davlat tashkilotlari va muassasalarida faoliyat yuritayotgan xodimlarning davlat tilida ish yuritish savodxonligi va malakasini oshirish, bilimlarini boyitishga ko‘maklashayotgani qayd etildi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga 2021 yil 10 fevraldagi O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni taʼminlash chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishish, shuningdek, barcha vazirlik va idoralar tarkibida ish yuritish, idoralararo hujjatlar aylanishi davlat tilida bo‘lishini to‘liq taʼminlash va bu jarayonda davlat tiliga qatʼiy amal qilish belgilanganligi taʼkidlandi.