O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonada vatandoshlar ishtirokida mamlakatimizdagi muhim siyosiy tadbirlarga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Unda ishtirokchilarga 2023 yil 30 aprel kuni mamlakatimiz hayotidagi muhim tarixiy voqea – O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha o‘tkazilgan umumxalq referendumi asosida yangilangan Bosh qomusimiz hamda konstitutsiyaviy islohotlar mazmun-mohiyati haqida maʼlumot berildi. Referendumda fuqarolarimiz, xususan xorijdagi vatandoshlarimizning faol ishtirok etganligi taʼkidlanib, bu keyingi yillarda xalqimizning siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashi naqadar yuksalganligining amaliy isboti ekanligi alohida qayd etildi.
Joriy yil 8 may kuni referendum yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan uchrashuv chog‘ida davlatimiz rahbari tomonidan yangilangan O‘zbekiston Konstitutsiyasi va Saylov kodeksining tegishli moddalariga binoan 9 iyul kuni muddatidan ilgari O‘zbekiston Prezidenti saylovi o‘tkazilishi maʼlum qilingani taʼkidlandi.
Vatandoshlarga O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan siyosiy partiyalar tomonidan davlat rahbarligi uchun ilgari surilgan nomzodlar va ularning dasturlari haqida batafsil so‘zlab berildi. Tadbir davomida O‘zbekistonning xorijdagi fuqarolari uchun mamlakatimizning 39 ta chet ellardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida Prezident saylovini o‘tkazuvchi 56 ta uchastka saylov komissiyalari tuzilganligi hamda “Dunyo” AA tomonidan mazkur uchastkalarning manzillari ko‘rsatilgan interaktiv xarita ishlab chiqilgani maʼlum qilindi.
Uchrashuv so‘ngida, vatandoshlar mamlakatimiz hayotidagi bo‘lajak muhim siyosiy voqea munosabati bilan O‘zbekistonning Xitoydagi diplomatik vakolatxonalari huzurida tashkil etiladigan 3 ta (Pekin - 49, Shanxay – 50, Guanchjou - 51) saylov uchastkalarida o‘z siyosiy huquqlaridan faol foydalanib 28 iyundan – 5 iyulga qadar muddatidan oldin va saylov kuni faol ovoz berishga daʼvat etildilar.