Pekindagi Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) Kotibiyatida SHHT “katta oilasi” diplomatiya vakolatxonalari vakillari uchun O‘zbekiston konstitutsiyaviy islohotlari hamda joriy yil 9 iyul kuni mamlakatimizda o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi maʼlumotiga ko‘ra, unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov asosiy maʼruza bilan qatnashdi.
Brifingda SHHTga aʼzo bo‘lgan va kuzatuvchi davlatlar hamda muloqot bo‘yicha sherik mamlakatlar vakillari ishtirok etdilar.
SHHT Bosh kotibi o‘rinbosari Nuran Niyazaliyev tadbirni ochar ekan, so‘nggi yillar davomida O‘zbekistonda jamiyat hayotining barcha sohalarida jadal islohotlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi. Bugun O‘zbekiston o‘z taraqqiyotida muhim, eʼtiborga molik bosqich bo‘lib qoladigan davrni boshdan kechirayotir.
Masalan, joriy yilning aprel oyida Konstitutsiyani yangilash bo‘yicha umumxalq referendumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Ushbu tadbirda ishtirok etgan SHHT Kotibiyati vakillari mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli o‘zgarishlarga bevosita guvoh bo‘ldilar.
Shu bilan birga, Nuran Niyazaliyev 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Prezidenti saylovi ham yuksak darajada o‘tishiga ishonch bildirdi. Kotibiyat rahbariyati ushbu siyosiy tadbirda xalqaro kuzatuvchilar sifatida anʼanaviy ravishda faol ishtirok etishni rejalashtirmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktori Akmal Saidov o‘z maʼruzasi bilan mamlakatimizda o‘tkazilgan konstitutsiyaviy islohotlarning asosiy natijalari va ularning Yangi O‘zbekiston barpo etilishidagi o‘rni bilan tadbir ishtirokchilarini yaqindan tanishtirdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish jarayoniga alohida eʼtibor qaratilar ekan, ushbu saylov kampaniyasining mazmun-mohiyatiga, uning mamlakatimizni yana-da rivojlantirish, zamonaviy, raqobatbardosh davlatga aylantirishdagi ahamiyatiga urg‘u berildi.