Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Islohotlar Yangi O‘zbekiston hayotiga yangi kuch olib keladi



Mamlakatimizning Pekindagi elchixonasida konstitutsiyaviy referendum yakunlari va O‘zbekiston Prezidenti sayloviga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda XXR Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xitoy xalqaro munosabatlar akademiyasi, Yevroosiyo ijtimoiy taraqqiyot tadqiqot instituti, Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti, Xitoy Zamonaviy xalqaro munosabatlar akademiyasi kabi ushbu mamlakatning  yetakchi tahlil markazlari ekspertlari Pekinda istiqomat qilayotgan vatandoshlar, shuningdek, Xitoy OAV vakillari ishtirok etdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov va XXR Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xitoy xalqaro munosabatlar akademiyasi vitse-prezidenti Jun In brifingda asosiy maʼruzachi sifatida qatnashdilar.

Akmal Saidovning aytishicha, joriy yilning 30 aprel sanasi  Yangi O‘zbekiston hayotida muhim voqea bo‘ldi. Birinchi marta umumxalq referendumi asosida chinakam xalqchil  bo‘lgan yangilangan Konstitutsiya qabul qilindi. Referendumda ishtirok etgan fuqarolarimizning mutlaq ko‘pchiligi yangi Asosiy qonun uchun o‘z ovozini berdi.

Konstitutsiyaviy referendum xalqimizning keyingi yillarda siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashi yuksalganini tasdiqladi. Ushbu tarixiy tanlov bilan O‘zbekiston xalqi o‘zining yuksak ishonchi va islohotlar jarayonini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor namoyon etdi. Xalq tomonidan qabul qilingan O‘zbekiston Konstitutsiyasi Yangi O‘zbekistonning yana-da barqaror rivojlanishi uchun mustahkam poydevor yaratdi.

Shuningdek, Akmal Saidov yig‘ilganlarga joriy yilning 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan muddatidan  ilgari O‘zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlikning borishi haqida batafsil maʼlumot berdi.

XXR Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xitoy Xalqaro ishlar akademiyasi vitse-prezidenti Jun In yaqinda O‘zbekistonda Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tganini, yaqin orada Prezident saylovi bo‘lib o‘tishini taʼkidladi. Bu bugun O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi tarixiy davriga qadam qo‘yganini tasdiqlaydi.

Keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida chuqur dasturiy islohotlar amalga oshirildi. Ushbu ijobiy o‘zgarishlar jarayonlari mamlakatga yangi hayot va energiya olib keladi.

“Dunyo” AA muxbiri bilan suhbatda ayrim brifing ishtirokchilari o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:

Jun In, XXR Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi  Xitoy xalqaro ishlar akademiyasining vitse-prezidenti:

– Elchixonada Akmal Saidov ishtirokida tashkil etilgan brifing O‘zbekistonda siyosat, iqtisodiyot va ijtimoiy hayotda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyatini tushunish imkonini berdi. O‘zbekiston va uning ichki siyosati haqida so‘nggi maʼlumotlarga ega bo‘ldik.

Yangi O‘zbekistonni bunyod  etish nafaqat muhim, balki Markaziy Osiyodagi vaziyatga ham katta taʼsir ko‘rsatadi, deb hisoblayman.

Shu munosabat bilan Xitoy qo‘shni davlat sifatida O‘zbekistondagi islohotlarni yana-da qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

Taʼkidlash joizki, O‘zbekiston va Xitoy yaxshi qo‘shni hamda hamkorlardir. O‘zaro munosabatlar o‘rnatilgan dastlabki kunlardanoq mamlakatlarimiz o‘zaro manfaatlarni hisobga olish va o‘zaro hurmat asosida yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Ishonchim komilki, O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari bundan keyin ham mustahkamlanadi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yil may oyida Xitoyga davlat tashrifi chog‘ida mamlakatlarimiz rahbarlari ikki tomonlama hamkorlikning muhim yo‘nalishlarini belgilab berdi. Ikki tomonlama kelishuvlarning oliy darajada amalga oshirilishi O‘zbekiston va Xitoyning, shuningdek, butun Markaziy Osiyo mintaqasining yana-da rivojlanishi hamda  gullab-yashnashiga xizmat qiladi.

Jamshid Sulaymonov, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Xitoydagi vakili:

– O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasida mamlakatimizning yangilangan Konstitutsiyasi va bo‘lajak muddatidan  ilgari Prezident sayloviga bag‘ishlangan brifingda ishtirok etdim.

Akmal Saidov va Jung In  tadbir  ishtirokchilariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida muhim maʼlumotlarni taqdim etdi. Darhaqiqat, 2023 yil xalqimiz hayotida muhim yil bo‘ldi. Xususan, 30 aprel kuni Konstitutsiyamizni yangilash bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi va unda O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari faoliyatining asosiy tamoyillari ham o‘z ifodasini topgan.

Mamlakatimiz siyosiy hayotidagi yana bir muhim voqea 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan muddatidan  ilgari O‘zbekiston Prezidenti saylovi bo‘ladi.

Ishonchim komilki, O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan brifing vatandoshlarimizga, shuningdek, xitoylik ekspertlar hamjamiyatiga mamlakatimizda ro‘y berayotgan muhim ijtimoiy-siyosiy voqealarning mazmun-mohiyati va  ahamiyati bilan yaqindan tanishish hamda tushunish imkonini berdi.



  ...