Prezident Shavkat Mirziyoyev aholining turmush sharoitlari, bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida Toshkent shahrining Shayxontohur tumaniga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari dastlab Samarqand darvoza mahallasida barpo etilgan kasbga yo‘naltirish markazida bo‘ldi. Bu yerda yoshlar va ayollarga savdo, marketing, moliya, axborot texnologiyalari sohalaridagi zamonaviy kasblar o‘rgatiladi. Keyinchalik ularning yuqori daromadli ish topishiga ham ko‘maklashiladi. Markaz atrofi obodonlashtirilgan, ishkomlar o‘rnatilib, toklar ekilgan.
Shu yerda kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari taqdimot qilindi. 10 may kuni shu masala bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda salohiyatli tadbirkorlarni yangi ish o‘rinlari yaratishga rag‘batlantirish taklifi bildirilgan edi.
Masalan, Shayxontohur tumanida 51 ta mahalla bor. Salohiyati yuqori tadbirkorlar 100 dan ziyod. Shartnoma asosida ularga mahallalardagi ishsizlar biriktirilmoqda. Unga ko‘ra, davlat sharoit yaratadi, tadbirkorlar aholini kasbga o‘qitib, ish bilan ta’minlaydi.
- Bu ikki tomonlama manfaatli, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Hozir ko‘p tadbirkorlar faoliyatini kengaytirmoqchi, hammaga malakali ishchi kerak. Maqsadimiz - korxonalar amaliy monomarkazga aylanib, sohaga mutaxassis tayyorlasin. Buning uchun davlat infratuzilma, moliya, soliq bo‘yicha yengilliklar beradi. Ish o‘rinlari ko‘paygani, aholining xarid qobiliyati oshgani hisobidan bu pul pirovardida iqtisodiyotga qaytib tushadi. Eng muhimi, bu amaliyot yoshlar uchun faqat ish o‘rganish emas, hayot maktabi bo‘ladi.
Taqdimotda Shayxontohurning turizm salohiyatini ishga solish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi. Poytaxt tumanlari hokimlari Janubiy Koreya, Singapur kabi davlatlar tajribasini o‘rganishi zarurligi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari ushbu markazdagi sport-sog‘lomlashtirish majmuasini ham kirib ko‘rdi. Unda yopiq suv havzasi va sport zali mavjud.