Yoshlarning mustaqil hayotga qadam qo‘yishlari, o‘z iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishlari uchun sharoitlarni kengaytirish, ularning bandligiga ko‘maklashish, doimiy ish bilan hamda munosib daromad olishini ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida:
1. Belgilab qo‘yilsinki, 2023-yil 1-maydan boshlab 2025-yil 1-yanvarga qadar ish beruvchilarga (byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, shuningdek, ijtimoiy soliqni 1 foiz stavkada to‘lovchilar bundan mustasno) ular tomonidan 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasi Davlat byudjetidan to‘liq qoplab beriladi.
Bunda, ijtimoiy soliq summasi yosh xodimlar olti oy davomida uzluksiz mehnat faoliyatini amalga oshirishi sharti bilan yettinchi oydan boshlab qoplab beriladi.
2. Belgilansinki, ish beruvchilarga ijtimoiy soliq summasining qoplab berilishi 2023-yilda O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga ajratiladigan transfertlar hisobidan amalga oshiriladi.
3. Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024-yil va 2025-yil uchun Davlat byudjetini shakllantirishda ijtimoiy soliq hisoboti ortib boruvchi yakun bilan har oyda hisobot davridan keyingi oyning 15-sanasidan kechiktirmasdan topshirilishini inobatga olib, 2024-yil va 2025-yilning I choragida ish beruvchilarga ijtimoiy soliq summasini qoplab berish xarajatlarini alohida qatorda rejalashtirishni nazarda tutsin.
4. Yoshlar siyosati va sport vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda ushbu Farmon maqsadi va vazifalarini ommaviy axborot vositalarida va Internet tarmog‘ida keng yoritish ishlarini tashkil etsin.
5. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-iyuldagi “Ish beruvchilarga ular tomonidan 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun to‘langan ijtimoiy soliq summasini davlat byudjetidan to‘liq qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida”gi 460-son qaroriga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV