Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

O‘zbekiston Prezidenti Yevroittifoq institutlari bilan insoniy o‘lchov sohasida yaqindan hamkorlik qilish muhimligini qayd etdi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 18-aprel kuni Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlash sohasida erishilgan yutuqlar hamda YEI institutlari bilan amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha navbatdagi qadamlar ko‘rib chiqildi.

Yevropa tomonidan qabulda YEIning inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakili Imon Gilmor va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terxi Xakala ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi yuksak darajasi va natijadorligi katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Barcha darajalarda faol muloqotlar davom etmoqda. Keyingi yillarda Yevropa tomonidan taqdim etilgan “GSP+” sharoitlari tufayli o‘zaro savdo hajmi va muvaffaqiyatli investitsiya loyihalari soni jadal ortib bormoqda. Bundan tashqari, madaniy-gumanitar sohada muhim tadbirlar amalga oshirilmoqda.

YEI vakillari Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar strategiyasini qat’iy qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidladi. 

Inson huquqlarini ta’minlash, fuqarolik jamiyatini, gender tenglikni rivojlantirish, majburiy mehnatga barham berish va boshqa yo‘nalishlarda erishilgan muvaffaqiyatlar yuksak baholandi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha bo‘lajak referendumning ahamiyati qayd etildi. 

Yevropa tomoni, xususan, inson huquq va manfaatlarining kafolatlarini yanada kuchaytirishni, shu jumladan “Miranda qoidalari” va “Xabeas korpus” institutini joriy qilishni, ijtimoiy va ekologik huquqlar, yoshlar huquqlari, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishni, o‘lim jazosi bekor qilinganini mustahkamlab qo‘yishni va boshqa normalarni ko‘zda tutuvchi o‘zgartirishlarni olqishladi. 

Mintaqaviy kun tartibining dolzarb jihatlari ham muhokama qilindi, bo‘lajak qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ko‘rib chiqildi.



  ...