Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Sirdaryo viloyati innovatsion hududga aylantiriladi



O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-aprel kuni Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

Guliston shahrida xalq deputatlari Sirdaryo viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida viloyat ahli yuksak vatanparvarlik ruhi bilan mehnat qilib, katta natijalarga erishayotganini ta’kidladi.

So‘nggi olti yilda viloyatga 30 trillion so‘m investitsiya jalb qilinib, 6 ming 640 ta yangi korxona ishga tushirilgan. Bu orqali 55 mingta doimiy ish o‘rni yaratilgan, 17 mingta oila kambag‘allikdan chiqarilgan.

Sirdaryoda ham tadbirkorlar ko‘paydi. Ilgari bo‘lmagan qurilish materiallari, farmatsevtika, charm va oziq-ovqat sanoati kabi yangi tarmoqlar paydo bo‘ldi. Xususan, qurilish materiallarida 274 ta loyiha amalga oshirilib, bu tarmoq yangi drayverga aylandi. Viloyat sanoatida bu sohaning ulushi 7 foizdan oshdi.

Viloyat poliz mahsulotlari yetishtirish va eksporti bo‘yicha ham respublikada birinchi o‘rinda turadi. Sirdaryoda mamlakatimiz elektr energiyasining uchdan bir qismi, charm mahsulotlarining 16 foizi va farmatsevtika mahsulotlarining 10 foizi ishlab chiqariladi.

O‘tgan yili oktyabrda Prezident tashrifidan so‘ng, Sirdaryoni “ishsizlikdan xoli hudud”ga aylantirish bo‘yicha dastur qabul qilingan edi. Dasturdagi tadbirlar uchun viloyatga qo‘shimcha 2 trillion so‘m ajratildi.

Jumladan, 20 ming aholi imtiyozli kredit bilan ta’minlandi, 5 ming ishsiz yoshlarga asbob-uskunalar uchun grantlar ajratildi. Shuningdek, 2 mingdan ziyod yangi hunarmand faoliyati yo‘lga qo‘yildi, 12 mingdan ziyod yoshlar kasb-hunarga o‘qitildi. Aholi dehqonchiligi uchun qo‘shimcha 5 ming gektar yer tarqatilib, 10 ming aholi daromadli ish bilan ta’minlandi.

Davlatimiz rahbari erishilgan natijalar endi tarix ekani, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida imkoniyatlar hali ko‘pligini ta’kidladi.

Jumladan, Sirdaryoning yer, suv va tabiat resurslari boy. Aholi jon boshiga ekin maydonlari boshqa hududlarga nisbatan 2-3 baravar ko‘p. Viloyatda qishloq xo‘jaligini suv bilan ta’minlanganlik darajasi ham yuqori. Bu sohaga ilm va innovatsiya olib kirilsa, mahsulot yetishtirish hajmi va eksportini oshirish mumkin.

Sirdaryo respublikamizdagi eng katta iste’mol bozori – Toshkent shahriga yaqin joylashgan. Shuningdek, u ikki qo‘shni davlat – Qozog‘iston va Tojikiston bilan qulay transport koridoriga ega.

Davlatimiz rahbari bu imkoniyatlarni ishga solib, Sirdaryoni sanoat, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, ta’lim va tibbiyot bo‘yicha “ilg‘or innovatsiyalar hududi”ga aylantirish zarurligini ta’kidladi.

Bu borada Xitoy tajribasiga tayanish qo‘l keladi. Chunki bu davlat mazkur sohalarda katta yutuqlarga erishgan. Qolaversa, xitoylik investorlarning ham viloyatga qiziqishi katta. Oxirgi olti yilda ular bilan birga, Shirin shahri, Mirzaobod va Sirdaryo tumanlarida 60 dan ortiq yirik sanoat korxonalari ochilgan. Viloyatga 2022-yilning o‘zida 250 million dollardan ziyod Xitoy investitsiyalari jalb qilingan.

Yig‘ilishda Prezidentimiz Sirdaryo aholisi farovonligini yanada oshirishga qaratilgan 5 ta yangi tashabbusni e’lon qildi.

Birinchisi, ilg‘or innovatsiyalar hududida bio-farmatsevtika, qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, elektro-texnika, tibbiyot, ta’lim sohalarining 20 ta yo‘nalishidagi loyihalariga alohida imtiyozlar rejimi joriy qilinadi. Unga ko‘ra yer, mol-mulk, foyda va aylanma uchun soliqlar hamda bojxona bojlaridan 3 yilgacha ozod qilinadi. Yer uchastkalari soddalashgan tartibda ajratiladi, yer va binolarni sotib olishda 5 yilgacha bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.

Shuningdek, Sirdaryoda 500 million dollarlik investitsiya hisobiga O‘zbekiston-Xitoy biotexnologiyalar klasteri barpo etiladi. Unda Xitoyning yetakchi oliygohlari bilan birga Gulistonda xalqaro ta’lim va tadqiqot universiteti, innovatsion tibbiyot klinikasi, Markaziy Osiyo genom markazi, onkologik kasalliklarni davolash uchun Hujayra terapiyasi markazi tashkil qilinadi. Shuningdek, klaster tomonidan zamonaviy diagnostika qurilmalari, innovatsion vaksinalar, probiotiklar va onkologik kasalliklar uchun dori vositalari ishlab chiqariladi.

Buning uchun 200 gektar yer ajratilib, 10 ming talaba uchun o‘quv binolari, zamonaviy kampus, laboratoriyalar, muhandislar maktabi tashkil etiladi.

Ikkinchisi. Viloyatning 11 ta tuman va shahri Xitoy modeli asosida sanoatga ixtisoslashadi, har birida innovatsion texnoparklar tashkil qilinadi. Ularda elektrotexnika, bio-farmatsevtika, kimyo, qurilish materiallari, ipak va oziq-ovqat sanoatida innovatsion loyihalar amalga oshiriladi. Texnoparklarga erkin iqtisodiy zona maqomi beriladi va “bojxona hududida qayta ishlash” rejimining soddalashgan tizimi joriy qilinadi. Joriy yilda texnopark infratuzilmasiga 200 milliard so‘m ajratiladi.

Investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun Sirdaryoda “O‘zbekiston-Xitoy investitsiya jamg‘armasi” tashkil etiladi. Bu jamg‘arma Xitoyning nufuzli Ipak yo‘li fondi va boshqa moliya tashkilotlari bilan birga tashkil qilinadi. Jamg‘armaga 1 milliard dollar sarmoya olib kelinadi.

Uchinchisi. Sirdaryoda eng ilg‘or agrotexnologiyalar joriy etiladi. Xitoydan viloyat hokimiga qishloq xo‘jaligi bo‘yicha maslahatchilar, irrigatsiya va melioratsiya tizimlari modernizatsiyasiga investorlar jalb qilinadi.

Shuningdek, Xitoy tajribasi yordamida Sayxunobodda qoramol va parrandachilik eko-komplekslari, Mirzaobodda intensiv anor, qovun, pekan yong‘og‘i va baliqchilik plantatsiyalari tashkil qilinadi. Xovosda o‘simliklardan tabiiy bo‘yoqlar ishlab chiqarish quvvati, meva-sabzavotni saqlash, qayta ishlash va qadoqlash texnoparki tashkil etiladi. Sho‘r va suvsizlikka chidamli ekin turlari, chorvachilik nasllarini yaratish bo‘yicha Xitoyning yetakchi oliygohlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

To‘rtinchisi. Sirdaryo mamlakatimizni Qozog‘iston, Tojikiston, Xitoy va Afg‘oniston bilan bog‘laydigan yirik logistika xabiga aylantiriladi. Buning uchun, Xitoylik investorlar bilan hamkorlikda respublikaning sharqiy va markaziy qismlarini hamda chet el yo‘nalishlariga bog‘laydigan yangi transport marshrutlari va multi-modal logistika markazi quriladi.

Bulardan tashqari, yo‘llarni qurish, ta’mirlash va boshqarishga xususiy sektorni jalb qilish ham Sirdaryodan boshlanadi.

Beshinchisi. Tibbiyotdagi islohotlar natijasi va sohadagi imkoniyatlarga tayanib, Guliston shahri mamlakatimizning “innovatsion meditsina xabi”ga aylantiriladi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga Akmaljon Mahmudaliyev nomzodini tavsiya etdi.

A.Mahmudaliyev 1974-yilda tug‘ilgan. Ko‘p yillar davlat idoralarida ishlab, katta tajriba orttirgan. Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumani hokimi, Navoiy viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritgan. U o‘tgan yil noyabrdan buyon Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajarib kelmoqda.

Nomzod lavozimga tasdiqlanishdan avval uning rejalari eshitildi. Akmaljon Mahmudaliyev viloyatda tadbirkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish bo‘yicha rejalarini ma’lum qildi.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni ma’qullab, ular yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.

Umuman olganda, Sirdaryoda ijtimoiy muammolarni hal qilishga joriy yilgi davlat dasturlarida ko‘zda tutilgan 685 milliard so‘mga qo‘shimcha 380 milliard so‘m, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga yana 110 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.

Sanoat, agrar soha va tadbirkorlik loyihalariga 1 milliard dollar, infratuzilma barpo etishga 105 million dollar jalb qilish bo‘yicha topshiriq berildi.

Bulardan tashqari, xorijiy investitsiyalar jalb qilib, Sirdaryo viloyatini innovatsion hududga aylantirish vazifasi qo‘yildi.

Taqdimotdan so‘ng viloyat kengashi deputatlari nomzodning rejalari yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Tashkiliy masala ovozga qo‘yildi. Uning natijalariga ko‘ra, Akmaljon Mahmudaliyev Sirdaryo viloyatining hokimi etib tasdiqlandi.



  ...