Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Turizmni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi



Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 29-mart kuni mamlakatimiz turizm salohiyatini oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Turizm ham iqtisodiy, ham ijtimoiy-madaniy ahamiyatga ega keng qamrovli soha. U daromadliligi bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turadi. Yana bir muhim tomoni, kam xarajat bilan ko‘p ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.

Mamlakatimizda bu soha izchil rivojlanmoqda. Jumladan, 2022-yilda yurtimizga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 2021-yilga nisbatan 3 baravar oshgan. Soha eksporti 1 milliard 600 million dollarni tashkil etgan. Ichki turizm dasturlari doirasida 11 milliondan ziyod aholi sayohat qilgan. Samarqandda yangi turizm markazi barpo etilgani natijasida u yerga qo‘shimcha 2 million sayyoh kelgan.

Aslida mamlakatimizda bu sohadagi salohiyat bundan ancha yuqori. Yurtimizga kelmoqchi bo‘lgan sayyohlar juda ko‘p. Lekin, ularni qiziqtiradigan joylar haqida kontent kam, turistlarni 4-5 kun olib qoladigan dasturlar yetishmaydi. Samolyot va poyezdga biletni bir necha oy oldindan sotib olishda noaniqliklar ko‘p.

Yig‘ilishda soha rivojiga to‘siq bo‘layotgan shu kabi muammolar tanqidiy tahlil qilinib, muhim chora-tadbirlar belgilandi.

Uzoq xorijliklar uchun O‘zbekistonning darvozasi bu – aeroport. So‘nggi yillarda 5 ta yangi xususiy aviakompaniya tashkil qilindi, aviatsiya parkimiz 44 taga yetdi. O‘tgan yili Samarqand aeroporti “beshinchi osmon” rejimida ishlashiga o‘tgani hisobiga, haftalik aviaqatnovlar soni 46 tadan 78 taga, yo‘lovchi oqimi esa 6,5 mingdan 10 mingtaga ko‘paydi.

Lekin, ichki reyslar taqchilligi haftasiga Nukus va Urganchga 20 tani, Samarqandga 15 tani, Buxoro va Termizga 11 tani tashkil qilayapti. Shu kabi, temiryo‘lda haftasiga 68 ta qo‘shimcha qatnovga, 350 ta yangi vagonga talab bor. Qoraqalpog‘iston, Jizzax, Namangan va Surxondaryoda sayyohlarga avtobus yetishmaydi.

Shu bois yil yakunigacha yana 20 ta zamonaviy samolyot olib kelib, aviaqatnovlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Jami mahalliy reyslar soni 2 baravar oshirilib, 100 taga yetkazilishi, ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha aviachipta xarajatining bir qismiga subsidiya berilishi aytildi. 

Shuningdek, bu yil 8 ta elektr poyezd olib kelinadi. Turoperator, mehmonxona va tashuvchilarga 10 va undan ortiq o‘rindiqli avtotransportlar olib kirishda bojxona imtiyozlari beriladi. Qamchiq dovonida mikroavtobus, Jizzax dovoni, Chimyon va Chorvoqda turistik avtobus va mikroavtobuslar qatnoviga ruxsat beriladi.

Turizmda yana bir muhim omil bu mehmonxona. Bu borada keng imkoniyat yaratilgani hisobiga, so‘nggi besh yilda mehmonxona o‘rinlari 2 baravar oshib, 60 mingtaga yetgan.

Davlatimiz rahbari xorijiy konsalting kompaniyalarni jalb qilib, mehmonxonalardagi sharoitlarni xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish, ular uchun qo‘shimcha kredit resurslari ajratish zarurligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda turizm dasturlarining mazmuniga ham e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, xorijiy sayyohlarning O‘zbekistonda bir kun ko‘proq qolishi yillik turizm eksportini 300 million dollarga oshiradi.

Misol uchun, Xorazmda xorijiy turistlar Buxoro va Samarqandga qaraganda 2 baravar kam bormoqda. Lekin, Xorazmda sayyohlarni 3-4 kun olib qolish uchun barcha imkoniyat mavjud.

Yoki, o‘tgan yili 31 ta tuman va 143 ta mahalla turizmga ixtisoslashtirilib, ularda alohida soliq rejimi joriy qilingan edi. Bu imtiyozlardan 4 mingga yaqin korxona foydalanib, tovar aylanmasi 1,5 baravar oshgan.

Sayyohlarni ko‘proq vaqt olib qolishda yetishmayotgan narsa bu qiziqarli dasturlar va targ‘ibot. Shu bois yig‘ilishda bu borada ko‘maklashishga 11 ta oliy ta’lim muassasasi biriktirildi. Ular 31 ta tuman va 143 ta turizm mahallasining tarixi, yodgorliklari va diqqatga sazovor joylari haqida ma’lumotlar majmuini yaratadi. Ular asosida 12 ta tilda turistik paketlar ishlab chiqiladi. Turizm va servis obyektlari ishchilari o‘qitiladi.

Mutasaddilarga mehmonxona, madaniyat, tabiat, etno va gastronomik markazlarni bog‘laydigan turizm klasterlari tashkil etish, “turistlar uchun mehmondo‘st muhit sertifikati”ni joriy qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Yurtimizda turizm dasturlari asosan aprel-may va sentyabr-oktyabr oylariga moslashgan. Lekin bu mavsumni uzaytirish uchun yetarli imkoniyat bor.

Masalan, qishda Toshkent va Jizzax viloyatlarida chang‘i, boshqa joylarda yozda cho‘milish maskanlarini tashkil etib, turistik mavsumga yana ikki oy qo‘shish mumkin. Shuningdek, yozda 22 ta qo‘riqxona, 24 ta milliy tabiat bog‘i va tabiat yodgorliklari imkoniyatidan ham foydalansa bo‘ladi.

Shu kabi manbalar asosida, yozgi va qishki mavsumlarga mo‘ljallangan loyihalar ishlab chiqish, turistik mavsum bo‘lmagan kunlarda sayyohlar uchun qiziqarli festival va madaniyat tadbirlari tashkil qilish vazifasi qo‘yildi.

Yana bir masala – mamlakatimizda 8 mingdan ziyod madaniy meros obyektlari va 122 ta muzey bor. Yoshlar uchun adabiyot, tarix, geografiya, tasviriy san’at kabi fanlarni ushbu maskanlarda tashkil etish maqsadga muvofiqligi aytib o‘tildi.

Bu yil yurtimizda Jahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining yig‘ilishi o‘tkaziladi. Samarqand 2023-yilda Jahon turizm poytaxti bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari bu yil Vatanimizning boy madaniyati va turistik salohiyatini jahonga targ‘ib qilish yili bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Shu maqsadda marketing va reklama bilan sayyohlarni jalb qilish uchun 100 milliard so‘m ajratilishi belgilandi. “O‘zbekiston tashrif qog‘ozi”ni ishlab chiqib, turizm brendini yangilash, xalqaro telekanallar va internet platformalarida O‘zbekiston haqidagi reklama roliklarini ko‘paytirish muhimligi qayd etildi.

Umuman, bu yil 7 million xorijiy va 15 million ichki sayyohlarni jalb qilish, soha eksportini 2,5 milliard dollarga yetkazish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan vazir va hokimlar, tadbirkorlar o‘z fikr va takliflarini bildirdi.



  ...