Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Xususiylashtirish borasidagi vazifalar belgilandi



Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-mart kuni davlat mulkini xususiylashtirish ishlarining ijrosi va bu borada joriy yilgi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Xususiylashtirish – iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirib, mulkdorlar ko‘payishiga yo‘l ochadi. Shu maqsadda yurtimizda bu sohada katta ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, o‘tgan o‘n yilda 1,2 trillion so‘mlik davlat aktivlari sotilgan bo‘lsa, 2022-yilning o‘zida bu ko‘rsatkich 11,3 trillion so‘mga yetdi. Ya’ni, so‘nggi bir yilda o‘n yil davomida qilingan ishlardan 10 karra ko‘p natijaga erishildi.

Xususiylashgan mulklar samaradorligi ham oshmoqda. Misol uchun, uzoq yillar ishlamagan Andijon tajriba sinov zavodi negizida 18 million dollar investitsiya hisobiga to‘qimachilik korxonasi tashkil etilib, mingta ish o‘rni yaratilgan, 40 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. Qo‘qon superfosfat zavodini xorijiy investor olib, 40 million dollar investitsiya kiritgan, ishlab chiqarish hajmini 4 baravarga oshirgan. “Ipoteka bank” 324 million dollarga va “Koka-kola” kompaniyasidagi davlat ulushi 252 million dollarga sotilgani ham oxirgi yillardagi eng yirik bitimlar bo‘ldi.

Bu boradagi ishlar hamma joyda ham bir maromda ketmayapti. Masalan, Toshkent viloyatida 112 ta obyekt sotilib, ularning negizida 150 ta tadbirkorlik subyekti va mingdan ziyod yangi ish o‘rni paydo bo‘lgan. Lekin Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo va Sirdaryoda o‘tgan yili savdoga chiqarilgan mulklarning 30 foizi ham sotilmagan. Tarmoqlar kesimida aytganda, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibidagi mulklarning xususiylashtirilishi sust.

Umuman, joriy yil boshida 30 mingdan ortiq davlat obyektida o‘tkazilgan xatlov bu borada ishlar hali ko‘pligini ko‘rsatgan.

Shu bois bugun davlatimiz rahbarining qarori bilan xususiylashtirish dasturi tasdiqlandi. Unda uchta yo‘nalishda – aksiya, ko‘chmas mulk va IPO bo‘yicha xususiylashtirish rejalari belgilangan. 

Birinchidan, 1 mingta korxonadagi davlat aksiya paketlari sotuvga chiqariladi.

Ikkinchidan, 1 mingta ko‘chmas mulk obyektlari ommaviy savdolarga qo‘yiladi. Ularda 600 gektar yer va 1 million kvadrat metrli bino-inshootlar mavjud. Eng muhimi, infratuzilma bilan ta’minlangan va aholi punktlariga yaqin.

Ushbu obyektlarni sotishni tezlashtirish uchun mulklarni sotishga tayyorlash muddati hozirgi 80 kundan 48 kunga qisqartiriladi. 2 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan obyektlarni tadbirkorlarning murojaati asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoga chiqarishga ruxsat beriladi.

Uchinchidan, 40 ta yirik korxona va banklardagi davlat ulushi “xalqchil IPO” orqali sotiladi. Jumladan, ilk bor Navoiy va Olmaliq kombinatlari, Metallurgiya kombinati, “O‘ztelekom”, Milliy bank, Sanoatqurilishbank kabi yirik korxonalarning o‘rtacha 2 foiz aksiyalari aholiga taklif etiladi. Bunda aholiga aksiyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotib olish imkoniyati yaratiladi. Aksiyalari sotilgan korxonalar besh yil davomida sof foydasining kamida 30 foizi dividend to‘lashga yo‘naltiradi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur dastur samarasida joriy yilda 13 trillion so‘m tushum ta’minlanadi, 3 mingta yangi korxona tashkil etish va 50 mingta ish o‘rni yaratish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Yig‘ilishda ushbu vazifalar barcha hudud va tarmoqlar kesimida muhokama qilindi. Mutasaddilar dastur ijrosini ta’minlash bo‘yicha hisobot berdi. 

Xususiylashtiriladigan davlat mulklari imkoniyatini aholi va tadbirkorlar o‘rtasida targ‘ibot qilish, hujjatlarni rasmiylashtirishda ularga ko‘maklashish muhimligi ta’kidlandi. Yirik davlat kompaniyalarini kapital bozoriga olib chiqish, investitsiya loyihalari samaradorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.



  ...