Tabiat uyg‘onishi va yangilanishidan darak beruvchi, sharqiy yangi yil boshlanishini anglatuvchi Navro‘z bayrami munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, yetakchi xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli din va jamoat arboblaridan O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tilaklari bildirilgan qutlovlar kelmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Navro‘z bayrami munosabati bilan Sizga va butun O‘zbekiston xalqiga samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni qabul qilgaysiz.
Qardosh xalqlarimiz qadim-qadimdan ushbu ayyomni uyg‘unlik va hamjihatlik tantanasi, beminnat yordam va baxt-saodat ramzi sifatida alohida shukuh bilan nishonlaydilar. Navro‘zning fayzli qalblarimizga iliqlik bag‘ishlab, kunlari do‘st mamlakatlarimizga farovonlik va qut-baraka olib kelsin.
Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan mustahkam do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan Qozog‘iston-O‘zbekiston strategik sherikligi va ittifoqchiligi bundan buyon ham qardosh xalqlarimizning farovonligi yo‘lida jadal rivojlanib borishiga ishonaman.
Ushbu imkoniyatdan foydalanib, hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga O‘zbekistonning porloq kelajagi va ravnaqi yo‘lida boshlagan barcha ishlaringizda muvaffaqiyatlar, xalqingizga esa omonlik va farovonlik tilayman.
Navro‘z har bir xonadonga to‘kinlik va baxt keltirsin!
Hurmat bilan,
Qasim-Jomart Toqayev,
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Navro‘z bayrami bilan Sizni chin dildan qutlayman.
Yangi yil boshlanishi ramzi, tinchlik va hamjihatlikka chaqiriq bo‘lgan Navro‘z ayyomi qardosh xalqlarimizga baraka va farovonlik keltirsin.
Joriy yil davlatlarimiz uchun taraqqiyot yili bo‘lishiga ishonaman. Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi mushtarak ma’naviy qadriyatlar, do‘stlik va strategik sheriklikka asoslangan ko‘p qirrali munosabatlar izchil rivojlanaversin.
Muhtaram Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sog‘lik, davlatchilik faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va porloq kelajak tilayman.
Hurmat bilan,
Sadir Japarov,
Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Navro‘z xalqaro bayrami kirib kelgani munosabati bilan ezgu tilaklarimni izhor etib, Sizni va yurtingizning do‘st xalqini samimiy muborakbod etaman.
Ushbu qadim ayyomning bunyodkorlik ruhi va ma’naviy ildizlari bugungi zamonda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Navro‘zga xos bo‘lgan do‘stlik va birodarlik, o‘zaro anglashuv, hurmat va ko‘mak an’analari bizni tinchlikni yanada mustahkamlashga, xalqlarimizning farovon hayoti va kelajagini ta’minlashga birgalikdagi sa’y-harakatlarimizni yo‘naltirishga dav’at etmoqda.
Ishonchim komil, mamlakatlarimiz yangi orzu-niyatlar bilan, Navro‘zning o‘chmas qadriyatlariga amal qilgan holda, strategik sheriklik va ittifoqchilik doirasida yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik munosabatlarini bundan buyon ham kengaytirib boradilar va rivojlantiradilar.
Bahorning ushbu quvonchli kunlarida Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sog‘lik va muvaffaqiyatlar, birodar O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va barqaror ravnaq tilab qolaman.
Navro‘z muborak!
Hurmat bilan,
Emomali Rahmon,
Tojikiston Respublikasi Prezidenti
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Sizga va qardosh O‘zbekiston Respublikasi xalqiga Navro‘z xalqaro bayrami munosabati bilan samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni yo‘llash men uchun sharaf.
Tabiat uyg‘onishi, yangilanish va bunyodkorlik darakchisi bo‘lgan Navro‘z o‘zida umuminsoniy qadriyatlar – tinchlikservarlik, insonparvarlik va yaxshi qo‘shnichilikni mujassam etadi. Umumiy merosimiz bo‘lmish ushbu ayyom xalqlarimizni yaqinlashtirishda muhim o‘rin tutadi va davlatlarimiz o‘rtasidagi ishonchli munosabatlarning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Ushbu fayzli bayram Sizga va yurtingizning butun xalqiga quvonch, baxt-saodat va farovonlik olib kelsin!
Chuqur hurmat ila,
Serdar Berdimuhamedov,
Turkmaniston Prezidenti
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Sizni va qardosh O‘zbekiston xalqini o‘z nomimdan va Ozarbayjon xalqi nomidan kirib kelgan Navro‘z bayrami bilan muborakbod etaman.
Tabiatdagi abadiy uyg‘unlikni ifoda etuvchi ushbu milliy bayram xalqlarimizning insoniyat madaniyatiga qo‘shgan qimmatli hissasidir. Yangilanish, yosharish va go‘zallik ramzi bo‘lmish ushbu ayyom qalblarni nurga to‘ldirib, o‘zaro anglashuv, do‘stlik va hamjihatlikni tarannum etadi.
Sizning 2023 yil 1-3 mart kunlari Ozarbayjonga, Boku shahriga Qo‘shilmaslik harakati Muloqot guruhining COVID-19 ga qarshi kurashish bo‘yicha sammitida ishtirok etish uchun amalga oshirgan tashrifingizni yuksak qadrlayman, o‘zaro ishonch ruhida o‘tgan uchrashuvimizni mamnuniyat bilan eslayman.
Boy ma’naviy merosga ega qardosh xalqlarimiz farovonligi yo‘lida hamda sherikligimiz va hamjihatligimizni asrab-avaylash, doimo mustahkamlab borish maqsadida birgalikdagi sa’y-harakatlarimizni davom ettirishimizga ishonchim komil.
Ushbu qutlug‘ kunlarda Sizga va oilangizga mustahkam sog‘lik va baxt-saodat, birodar O‘zbekiston Respublikasining ravnaqi yo‘lidagi oliy davlatchilik faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman.
Hurmat bilan,
Ilhom Aliyev,
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu,
Navro‘z bayrami munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga samimiy tabrik va ezgu tilaklarimizni yo‘llashdan behad mamnunmiz.
Fursatdan foydalanib, Alloh taolodan Siz, Janobi Oliylariga sihat-salomatlik va baxt-saodat, qardosh O‘zbekiston xalqiga taraqqiyot va farovonlik tilab qolamiz.
Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Salmon bin Abdulaziz Ol Saud,
Saudiya Arabistoni Podshohi
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu,
Janobi Oliylari, Navro‘z bayrami munosabati bilan eng xolis tabriklarim va ezgu tilaklarimni yo‘llashdan baxtiyorman.
Siz, Janobi Oliylariga sihat-salomatlik va baxt-saodat, O‘zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot va farovonlik tilab qolaman.
Janobi Oliylari, Sizga bo‘lgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud,
Saudiya Arabistoni Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi Raisi
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Esar Navro‘z shamoli yellari yorim ko‘chasidan,
Yoq ey ko‘ngil chirog‘ini istasang gar madad undan.
Etakdan g‘am g‘uborin qoqqani chiqqin dalalarga,
Kirib gulzor aro o‘rgan g‘azal yozmoqni bulbuldan.
(Hofiz Sheroziy)
Tabiatning uyg‘onishi va xijriy-shamsiy 1402 yilning boshlanishi, qadimiy Navro‘zning kirib kelishi munosabati bilan Siz, Janobi Oliylari va mamlakatingizning aziz xalqini chin yurakdan muborakbod etishdan benihoya mamnunman.
Bahor ona yer va tabiatning o‘zgarish pallasi, yangilanish va qayta jonlanish fasli, tafakkur ahlining borliq olamning ulug‘vor tabiiy jilvalaridan birini mushohada aylash vositasida o‘z Parvardigorlarining jamolini ko‘rish tomon intilishlaridan bir nishonadir. Bir necha ming yillik tarixga ega bo‘lgan boy madaniyat va sivilizatsiya ramzi hamda mehr-muhabbatga to‘la ko‘hna udum bo‘lmish Navro‘z esa ishq-muhabbatni esga soluvchi, yam-yashillik va musaffolikdan xabar beruvchi, qalblarni uyg‘otuvchi hamda Yaratganning zavol topmas kuch-qudratidan belgi beruvchi bir hodisadir.
Kutlug‘ Navro‘z sharofati bilan odamlarimizda va ularning qalblarida ulkan o‘zgarishlar yuz beradi. Navro‘zdan ildiz olgan azaliy tarixiy-madaniy mushtarakliklar vositasida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro do‘stona munosabatlarni rivojlantirish va chuqurlashtirish orqali xalqlarimiz taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida qadam tashlaymiz, deb umid qilaman. Bu yo‘nalishda Eron Islom Respublikasi mintaqa va jahonda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash maqsadida Navro‘z madaniy mintaqasining barcha mamlakatlari bilan yanada ko‘proq hamkorlik qilishga tayyordir.
Qodir Egamdan Siz, Janobi Oliylariga sog‘lik va muvaffaqiyat, do‘st va birodar O‘zbekiston Respublikasi xalqiga esa baxt-saodat va farovonlik ato etishini so‘rab, yangi yilning barcha uchun xayr-barakaga to‘la bir yil bo‘lishini tilab qolaman.
Ibrohim Raisiy,
Eron Islom Respublikasi Prezidenti
***
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu,
Siz, Janobi Oliylariga o‘z salomlarimizni va samimiy tilaklarimizni mamnuniyat bilan yo‘llab, Sizga omad va zafarlar tilaymiz.
Navro‘z bayrami munosabati bilan Alloh Taolodan ushbu yilni xayr-baraka yili qilishini, birodar yurtingiz va xalqingiz rivoji yo‘lida qilayotgan barcha sa’y-harakatlaringiz amalga oshishini hamda Sizga uzoq umr va baxt-saodat ato etishini so‘rab qolamiz.
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
Samimiy ehtiromlar ila,
Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum,
Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi
Shuningdek,
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an,
Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili,
Iroq Respublikasi Prezidenti Abdullatif Rashid,
Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev,
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Husrav Noziriy,
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda va boshqalar tabrik yo‘llagan.
Qutlovlar kelishi davom etmoqda.