Elchixona bilan bog'lanish
telefoni
Konsullik masalalari bo'yicha
telefoni

Prezident: Harbiy-jangovar salohiyat va yuksak ma’naviy salohiyat - O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining ikki buyuk tayanchi



Prezident Shavkat Mirziyoyev Termiz shahridagi “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyini borib ko‘rdi.

O‘tgan yili litsey uchun yangi bino barpo etilgan. Bu yerda ijtimoiy va aniq fanlar yo‘nalishlarida 200 dan ortiq o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda.

Davlatimiz rahbari shu yerda Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlarning oila a’zolari bilan uchrashdi. Videoaloqa orqali tadbirga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar vakillari ham bog‘landi.

Ma’lumki, mustaqillikka erishish, tinchlikni saqlash o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Xalqimiz ham ko‘p sinovli kunlarni boshidan kechirdi.  Osoyishta hayotimizni izdan chiqarishga urinishlar, terrorchilik xurujlari bo‘ldi. Botir harbiylarimiz jasorat ko‘rsatib, g‘arazli kuchlarga qaqshatqich zarba bergan. Ming afsuski, bu kurashda yuzlab mard harbiylarimiz, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari halok bo‘lgan.

Uchrashuvda davlatimiz rahbari ularni nomma-nom yodga oldi. Bunday dovyurak farzandlarni dunyoga keltirib, haqiqiy vatanparvar qilib tarbiyalagan ota-onalarga, ularning umr yo‘ldoshlari va farzandlariga xalqimiz nomidan chuqur minnatdorchilik bildirdi.

– El-yurt uchun jonini fido qilgan o‘g‘lonlarimizni “halok bo‘lgan” deyishga til bormaydi. Ular oilasi uchun, Vatanimiz uchun hamisha barhayot, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Qahramon o‘g‘lonlar xotirasini abadiylashtirish, ularning oila a’zolariga har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatish va qo‘llab-quvvatlash davlatimiz, jamiyatimizning e’tiborida bo‘lib kelmoqda. Marhum harbiy xizmatchilar davlatimizning yuksak orden va medallari bilan taqdirlangan. Ularga bag‘ishlab “Mard o‘g‘lonlar nomi barhayot” deb nomlangan xotira kitobi nashr etilgan.

Prezident qarori bilan, 2018 yildan boshlab, halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar farzandlarini oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli tavsiyanoma asosida o‘qishga qabul qilish yo‘lga qo‘yildi. Hozirgi kunga qadar 278 nafar o‘g‘il-qiz shu asosda oliygohlarga kirgan.

Davlatimiz rahbari harbiy xizmatchilar oilasiga e’tibor va g‘amxo‘rlik hamisha davom ettirilishini ta’kidladi. Shu maqsadda bugun “Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident farmoni qabul qilindi. 

Hozirgi kunda halok bo‘lgan harbiylar va huquq-tartibot xodimlarining 270 nafar mehnatga layoqatsiz oila a’zolari boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasini olayapti. Endi, farmonga ko‘ra, har bir oila a’zosi uchun pensiya miqdori 25 foizga oshiriladi. Natijada har bir oila a’zosi o‘rtacha 2 million so‘mdan pensiya oladi.

Ikkinchidan, vafot etgan xizmatchilarning oila a’zolaridan hozirda 82 nafarining uy-joyi yo‘q, ularning 21 nafari ijarada va 61 nafari qarindoshinikida yashaydi. Bundan buyon, muhtoj oilalarga birinchi navbatda turar joy beriladi va imtiyozli ipoteka krediti olish imkoniyati yaratiladi. Oila a’zolariga ijara to‘lovi uchun 1 million 800 ming so‘mgacha pul beriladi. Bundan tashqari, halok bo‘lgan xizmatchining farzandlari bog‘cha, kollej, texnikum va oliygohda bepul ta’lim-tarbiya oladi.

Uchinchidan, oila a’zosi daromadining soliqdan ozod qilinadigan summasi 2 barobar ko‘payadi. Bu tartib xodimning farzandlariga ham tatbiq etiladi. Natijada marhum xizmatchining oilasi ro‘zg‘orida har oy o‘rtacha 700 ming so‘m qo‘shimcha pul qoladi.

To‘rtinchidan, bundan buyon ushbu toifadagi xizmatchining oila a’zolari harbiy shifoxonalarda bepul davolanish huquqiga ega bo‘ladi va navbatdan tashqari statsionar tibbiy yordam oladi. Ularga dori-darmon va protez-ortopediya moslamalari olib beriladi, jarrohlik xarajatlari davlat hisobidan qoplanadi. Xizmatchining ota-onasi, turmush o‘rtog‘i har yili sanatoriyda bepul davolanadi, bolalari oromgohlarda sog‘lomlashtiriladi. Ularning ota-onasi uchun yiliga ikki marta temir yo‘l va havo transportida yurish bepul bo‘ladi.

Beshinchidan, halok bo‘lgan xizmatchilar oilasini harbiylashgan va huquq-tartibot idoralari tomonidan otaliqqa olish amaliyoti joriy etiladi. Shu bilan birga, viloyat hokimliklari tomonidan og‘ir ahvoldagi bunday oilalarga har oy 400 ming so‘m miqdorida nafaqa berib boriladi.

Ma’lumki, Vatanga qasamyod qilgan xizmatchi noxush holatlardan kafolatlanmagan. Bundan buyon, agar xizmatchi o‘z burchini bajarishda halok bo‘lgan taqdirda, uning oilasiga ish haqini 150 baravari miqdorida bir yo‘la nafaqa beriladi. Ya’ni, bu nafaqa o‘rtacha 300 million so‘mdan 500 million so‘mga oshiriladi. Halok bo‘lganda to‘lanadigan sug‘urta to‘lovi 25 million so‘mdan 60 million so‘mga ko‘payadi.

Davlatimiz rahbari bunday mard insonlarni voyaga yetkazgan ota-onalari, farzandlari doimo yurtimiz ardog‘ida bo‘lishi zarurligini ta’kidlab, “El-yurt fidoyisi” ko‘krak nishoni ta’sis etish taklifini bildirdi. Bu nishon guvohnomasi Oliy Bosh qo‘mondon tomonidan imzolanadi. Ushbu e’tirof egalari barcha imtiyozlarga ega bo‘ladi.

Bugun dunyoning turli nuqtalarida yangi tahdid va qurolli to‘qnashuvlar yuz bermoqda. Bunday tahlikali vaziyat xalqimizni ham bezovta qilishi tabiiydir. Shu bois davlatimiz mustaqilligini, xalqimiz tinchligini himoyalashga katta ahamiyat qaratilmoqda.

– Harbiy-jangovar salohiyat va yuksak ma’naviy salohiyat O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining ikki buyuk tayanchiga aylanishi zarur, – dedi Prezident.

O‘tgan yili harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirish konsepsiyasi qabul qilindi, “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harakati tashkil etildi. Bular yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga hissa qo‘shmoqda.

Davlatimiz rahbari Vatan ozodligi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan o‘g‘lonlarimiz jasorati ham yosh avlod uchun ibrat ekani, ular haqida  asarlar yaratish kerakligini ta’kidladi.

– Ezgu maqsad yo‘lida birlashgan xalq va davlatni hech qanday kuch yengolmaydi. Ilohim, qahramon o‘g‘lonlarimizning oxiratlari obod bo‘lsin. Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin, – dedi Prezidentimiz so‘zining yakunida.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryoga tashrifi yakunlandi.



  ...