24 fevral kuni Sirdaryo viloyati delegatsiyasi Xitoyning Syamin shahrida (Fuszyan provinsiyasi) o‘tkazilgan «Sirdaryo – Syamin» biznes-forumida ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi va Sirdaryo viloyati xokimligi, Syamin shahri rahbariyati hamda ishbilarmon doiralar vakillari qatnashdilar.
Forumning xitoylik ishtirokchilariga Sirdaryo viloyatining tabiiy sharoiti, mavjud investitsiya salohiyati, hududning drayver sohalari haqidagi atroflicha maʼlumotlar taqdim etilar ekan, o‘zaro manfaatli hamkorlikning asosiy ustuvor yo‘nalishlariga alohida eʼtibor qaratildi. Bu, birinchi navbatda, muqobil energiya manbalarini joriy etish va o‘zaro savdo hajmini oshirish sohalarini qamrab oldi.
O‘z navbatida, Xitoy kompaniyalari tomonidan ham Sirdaryoda paxta tolasi to‘qimachiligi sohasini rivojlantirish, logistika markazini tashkil etish, muqobil energiya manbalarini joriy etish uchun zarur uskunalarni yetkazib berish, yoshlarni axborot texnologiyalari sohasida taʼlim olishlari va malaka oshirishlarini tashkil qilish, sog‘liqni saqlash, xususan, keksa avlod vakillarini davolash va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini amalga oshirishga ko‘maklashish kabi qator aniq tashabbuslar ilgari surildi.
Biznes-forum yakunida «Wang da group» qo‘shma korxonasi «Changtai Yuanrun Energy saving Technology Co LTD» kompaniyasi bilan stirolin ishlab chiqarish loyihasi uchun 4 million dollar, «Longuan Lantian Cement Co LTD» kompaniyasi bilan qop ishlab chiqarish loyihasi uchun 3 million dollar investitsiya jalb qilish, shuningdek, “Peng-Sheng” qo‘shma korxonasi va «Wenzhoy Jinsheng Trading Co LTD» kompaniya o‘rtasida jelatin ishlab chiqarish, marmar xom ashyosi va boshqa toshlarga ishlov berish loyihasini amalga oshirish yuzasidan kelishuvlar imzolandi.