Xitoyning Shandun provinsiyasi Sindao shahrida «Xitoy – Markaziy Osiyo» birinchi industrial-investitsion forumi bo‘lib o‘tdi.
Xitoyning taraqqiyot va islohotlar davlat qo‘mitasi hamda Shandun provinsiyasi maʼmuriyati tomonidan tashkil etilgan mazkur xalqaro tadbirda turli vazirlik va idoralar rahbarlari, ishbilarmon doiralari vakillari, Markaziy Osiyo mamlakatlari Bosh vazirlari o‘rinbosarlari, Xitoydagi xorijiy elchixonalar rahbarlari va OAV vakillari qatnashdi.
Forum 2022 yilning 25 yanvarida «Markaziy Osiyo davlatlari – Xitoy» o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligining 30 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan onlayn-sammitda Xitoy Raisi Si Szinpin tomonidan ilgari surilgan tashabbus bo‘lib, mazkur davlatlar o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishni faollashtirishga qaratilgan.
Tadbir ochilishida Xitoy Raisi Si Szinpinning ishtirokchilarga murojati Taraqqiyot va isloxotlar davlat qo‘mitasi raisi Xe Lifen tomonidan video aloqa tarzida o‘qib eshittirildi.
Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari Bosh vazirlari o‘rinbosarlari, Shandun provinsiyasi gubernatori, Markaziy Osiyo mamlakatlarining Xitoydagi elchilari va boshqa yuqori martabali rasmiy shaxslar so‘zga chiqib, Xitoy bilan turli sohalardagi ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari haqida so‘z yuritdi.
Tadbirda O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev videomurojaat bilan ishtirok etib, mamlakatimizning bugungi taraqqiyoti, investitsiya va eksport salohiyati, O‘zbekiston-Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarga to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, 2022 yilda o‘zaro savdo aylanmasi 20 foizga oshib, qariyb 9 milliard dollarga yetgani taʼkidlandi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokida 2100 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatayotgani hamda 2017 yildan beri o‘zlashtirilgan Xitoy investitsiyalarining umumiy hajmi qariyb 11 milliard dollarni tashkil etgani aytib o‘tildi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida savdo va sanoat, “yashil” investitsiyalar, transport infratuzilmasi hamda qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda hamkorlikni mustahkamlash va yana-da rivojlantirish masalalariga urg‘u berildi.
Forumda «Xitoy-Markaziy Osiyo» industrial va investitsion hamkorlik tashabbusi tomonlar tarafidan qabul qilingani eʼlon qilindi.
Tadbir davomida, shuningdek, «Sanoat kooperatsiyasi uchun umumiy makonni birgalikda qurish» mavzusi ostida qator taqdimotlar o‘tkazildi.
Unda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘zlarining savdo-iqtisodiy imkoniyatlari, erkin iqtisodiy hududlar, investitsion iqlim, ustuvor sanoat sohalari, hukumatlari tomonidan ilgari surilayotgan qulayliklarni taqdimot etdi.